Joriy yilning 13-sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda Markaziy Osiyo davlatlari Transport vazirlarining birinchi uchrashuvi o‘tkazildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi doirasida tashkil etilgan tadbirda transport logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Mintaqa mamlakatlari transport vazirlari Markaziy Osiyoda yer usti transporti sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Ular mintaqadagi barcha mamlakatlar o‘zaro bog‘liqligi, yangi to‘siqlar va qiyinchiliklar yechimini topishda birdamlik va hamkorlikni mustahkamlash, oldinda turgan muammolarni birgalikda hal etish ustida ish olib borish zarurligi to‘g‘risida bir-birining mulohazalarini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha transport va logistika sohasida hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi.

Tomonlar mamlakatlar o‘rtasida yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, xalqaro savdo ko‘lamini oshirish, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishda transport va logistika asos sifatida muhim o‘rin tutishini ta’kidlashdi.

Avvalroq O‘zbekistonda Pokistonning “National Logistics Corporation” kompaniyasi vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.