Hukumatning 17-aprel kuni qabul qilingan qarori (180-son) bilan turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan ko‘rsatiladi.

Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi. Buning uchun Hududgazta’minot ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni E-gaz dasturida shakllantiradi.

Korxona 1 ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshirib, 3 kun ichida ushbu masalani joyiga chiqib o‘rganadi. Uning natijalari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Agar ijobiy xulosa shakllangan bo‘lsa, ariza beruvchi bilan “Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida” va “Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida"gi shartnomalar ikki nusxada rasmiylashtiriladi.

Shartnomalar asosida fuqaro Face ID orqali suyultirilgan gazni yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.

Avvalroq Spot shikastlangan avtoraqamlarni onlayn almashtirish imkoni yaratilgani haqida yozgan edi.