Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro O‘zbekistonga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov Uzreport TV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat nafaqat mintaqaviy, balki global xarakterga ega. Asosiy omil neft narxining oshishi bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida narxlarning umumiy oshishi orqali jahon inflyatsiyasiga ta’sir qilishi mumkin. Vaziyat narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazayotgan transport-logistika qiyinchiliklari bilan ham murakkablashmoqda.
Ishmetovning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda har bir markaziy bankning asosiy vazifasi bir qator chuqur jihatlarga ega bo‘lgan ushbu xatarlarni to‘g‘ri baholashdir. Regulyator vaziyatning har bir mamlakat iqtisodiyotiga qay darajada va qaysi kanallar orqali uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishini aniqlab, shunga mos siyosat yuritishi lozim.
“Markaziy bankka, albatta, narxlar barqarorligi, lekin shu bilan birga, moliyaviy barqarorlik, ya’ni bank tizimining barqarorligiga ham e’tibor qaratish tavsiya etilmoqda. Nega deganda, ko‘p bizneslarda eksport-import operatsiyalari bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lsa, bu bizneslarning banklar oldidagi kreditlari bo‘lsa, bu kreditlarga xizmat ko‘rsatishga ham ta’sir qilishi mumkin”, — dedi u.

Mojaroning O‘zbekiston uchun oqibatlari haqida gapirar ekan, Markaziy bank rahbari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir sezilarli bo‘lmasligini, ammo bilvosita ta’sirlar bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, salbiy oqibatlarning oldini olish uchun hukumat allaqachon bir qator choralarni ko‘rgan, xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda transport xarajatlari uchun subsidiyalar taqdim etgan.
Shu bilan birga, u bunday qo‘llab-quvvatlash maqsadli va qisqa, oldindan e’lon qilingan muddatga joriy etilishi va shaffof subsidiyalash mexanizmlari bilan birga amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
Bu Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalariga muvofiq bo‘lib, unda umumiy subsidiyalar va narxlarni tartibga solishdan qochish tavsiya etilgan.
O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash choralarini tasdiqladi. 2026-yil 1-apreldan 1-avgustgacha tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50%i, biroq har bir kilogramm uchun $0,8 dan oshmagan qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, yil oxirigacha xorijiy davlatlardan samolyotlarda import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10%i, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Avvalroq Spot yagona QR-kod orqali to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari tasdiqlangani haqida yozgan edi.