Vazirlar Mahkamasi qarori (175-son) bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagoglar uchun ayrim davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50% ini tashkil qilishi belgilandi.
Ushbu yengillik quyidagi davlat xizmatlari uchun tatbiq etiladi:
- ko‘chmas mulk obyektlarining davlat kadastri;
- muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish;
- umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish;
- traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berish;
- rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari va boshqalar.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktor va direktor o‘rinbosarlari 5 yilda 1 marotaba ishdan ajralgan holda, Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil qilinadigan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlardagi o‘quvchilarni o‘qishdan chetlashtirish, boshqa yo‘nalishga o‘tkazish va o‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish tartibi belgilandi.
Avvalroq Spot 20-apreldan o‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyalariga arizalar qabuli boshlanishi haqida yozgan edi. Pedagoglar 15 yil ish stajiga, oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lishlari kerak.