Prezidentning 16-aprel kuni qabul qilingan farmoni (PF-62-son) bilan davlat rahbarining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kirtildi.

Hujjat ayrim toifadagi oilalarning manzilli ijtimoiy himoyasini yaxshilash hamda pensiya ta’minotiga oid qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash uchun har oyda kompensatsiya beriladigan shaxslarning imtiyozli toifalari kengaytirildi.

Xususan, endilikda Afg‘onistondagi harbiy harakatlar vaqtida farzandlari (er yoki xotin) halok bo‘lgan ota-onalarga (bevalarga) kommunal to‘lovlarning bir qismi qoplab beriladi.

Ularga har oy mazkur xarajatlar uchun pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45%i miqdorida kompensatsiya ajratiladi.

Hozirda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 471 ming so‘mni tashkil etadi. Natijada, Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda halok bo‘lgan shaxslarning yaqinlari oyiga 211 950 so‘m miqdorida kompensatsiya olishlari mumkin bo‘ladi.

Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilandi. Nazorat qilish esa bosh vazir Abdulla Aripovga yuklatildi.

Avvalroq Spot joriy yilda nogironligi bo‘lganlar uchun DXSH asosida yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etilishi haqida yozgan edi.