Joriy yilning 1-noyabridan yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilgan elektron raqamli imzo (ERI) orqali taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyalari qabul qilinmaydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbout xizmati xabar berdi.

Hozirgi kunda BYUDni bojxona organiga taqdim etishda yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilgan ERI orqali deklaratsiyani tasdiqlash holatlari kuzatilmoqda.

Shu sabab, deklaratsiyalovchi shaxslardan bundan buyon bojxona organlariga BYUD va BDT (BYUDni tuzatish shakli)larni taqdim etishda hamda hujjatlarni tasdiqlashda o‘zlarining elektron imzolaridan foydalanishlari talab etiladi.

BYUDni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma talablariga asosan, BYUDning 54-grafasida deklaratsiyalovchi shaxsning JSHSHIRi ko‘rsatilishi hamda BYUDda bayon etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi elektron BYUDda deklaratsiyalovchi ERI bilan tasdiqlanishi belgilangan.

Shuningdek, hukumatning 2018-yilning 31-iyuldagi 605-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 15-bandida deklaratsiyalovchi shaxs BYUDni shakllantirishi va o‘z imzosi bilan tasdiqlab, avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bojxona xizmati organlariga yuborishi qayd etilgan.

Mazkur nizomning 28-bandiga asosan tovarlarning elektron deklaratsiyasini imzolash vakolatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs (elektron raqamli imzo kalitining egasi) tovarlarni elektron shaklda deklaratsiyalashda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlovchi shaxs hisoblanadi.