Joriy yil oxirigacha Xitoydan Farg‘onaga 100dan ortiq avtobuslar olib kelinadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan Xitoydan olib kelinayotgan avtobuslarning texnik xususiyatlari va qulayliklari bilan tanishdi.

Joriy yil yakunigacha mamlakatdan “King Long”, “Yutong”, “Foton” va “AsiaStar” rusumlarida 100ta shahar ichi va 10ta shaharlararo avtobus olib kelinayotgani ma’lum qilindi. 2024-yili qo‘shimcha 160ta avtobus olib kelinadi.

Bundan tashqari, kelasi yilning 1-iyunidan viloyat jamoat transportida brutto-shartnoma tizimi joriy etiladi. Mazkur tartib, joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident qarori bilan belgilangan.

Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun jami 1000ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Shuningdek, tadbirkorlarga avtobuslar xaridi uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit beriladi hamda olib kelingan yangi avtobuslar uchun QQSni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.


Avvalroq Toshkentda vaqtinchalik bepul mikroavtobus harakati yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. 3M-sonli 2ta mikroavtobus Xalqaro aeroport bekati bilan Yakkasaroy TIIB bekati oralig‘ida harakatlanadi.