“Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi “Toshkent” aeroportining uchib kelish zali atrofidagi ijaraga beriladigan maydonlarni auksionga chiqardi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va gul do‘koni, savdo avtomatlari, bankomatlar va mobil qurilmalar quvvatlanish punktlari uchun jami beshta maydon mavjud.

Ovqatlanish punktini tashkil etishga maydon

Mazkur lotning ijaraga beriladigan maydoni 33,5 kv.metrni tashkil etadi. Ovqatlanish punktida bar peshtaxtasi va o‘rindiqlar uchun joy taklif etiladi.

Lotning yillik boshlang‘ich qiymat 482,1 mln so‘mni, zakalat puli esa 24,1 mln so‘mni tashkil etadi. Lot haqida batafsil ma’lumot bu yerda.

Gul do‘koni tashkil etish uchun maydon

Chakana savdo bo‘yicha, ya’ni gul do‘koni tashkil etish uchun maydonlar auksionga qo‘yildi.

Lotning yillik boshlang‘ich qiymati 142,8 mln so‘m, zakalat puli esa 14,2 mln so‘mni tashkil etadi. Ijaraga beriladigan maydon — 17 kv.metr.

Lot haqida batafsil ma’lumot bu yerda.

Vending apparatlarini joylashtirish uchun maydon

Uchib kelish zali yonida savdo avtomatlarini joylashtirish uchun joy ham mavjud. 2,5 kv.metr maydonda uchta savdo avtomatlari — qahva, sneklar, ichimliklar uchun joylashtiriladi.

Lotning boshlang‘ich summasi yiliga 36 mln so‘mni tashkil etadi. Zakalat puli — 3,6 mln so‘m. Batafsil ma’lumot uchun havola.

Bankomatlarni joylashtirishga maydon

Bankomatlarni joylashtirish uchun 2 kv.metr maydon ajratilgan.

Yillik boshlang‘ich to‘lov 12 mln so‘m, zakalat puli esa 3 mln so‘mni tashkil qiladi. Havola orqali batafsil ma’lumot olish mumkin.

Mobil qurilmalarni quvvatlantirish shoxobchalari uchun

Mobil qurilmalarni quvvatlantirish shoxobchalari uchun maydon auksionga qo‘yildi.

Yillik boshlang‘ich to‘lovi 12 mln so‘mni hamda zakalat puli 3 mln so‘mni tashkil etadi. Ijaraga beriladigan maydon 1 kv.metr. Ma’lumot bu yerda.

Barcha lotlar uchun kompaniyalar uchun majburiy bo‘lgan texnik topshiriqlar mavjud. Ijarachilarga qo‘yiladigan talablar va savdo platformasida har bir lot bo‘yicha ochiq joylashtirilgan.

Lotlarda, shuningdek, qoidaga ko‘ra kim oshdi savdosi davomida kamida 10%ga oshishi mumkin bo‘lgan boshlang‘ich yillik summalar ham ko‘rsatilgan.

Arizalarni joriy yilning 8-noyabr kuni soat 09:00gacha jo‘natish mumkin. Auksionlar shu kuni soat 10:00da o‘tkaziladi.

Ijara shartnomasi bino qurib bitkazilganidan so‘ng tuziladi. Binoning qurib bitkazilishi joriy yilning oxiriga rejalashtirilgan.

Avvalroq “Uzbekistan Airports” Toshkent aeroportidagi mehmonxonani qayta auksionga qo‘ygandi.