Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminalida qo‘shimcha ayirboshlash shoxobchasi ochildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Ikkinchi nuqta terminalga kirishda, bagajlarni o‘rash punkti yonida joylashgan. Birinchi nuqta oldingi joyida — terminalning qarama-qarshi tarafida VIP va CIP zallari yonida qoldi.

Yo‘lovchilar dollar, yevro, ingliz funt sterlingi, shveysariya franki, yapon yenasi, rubl, qozoq tengesini o‘zbek so‘mlariga almashtirishlari mumkin.

Ikkala ayirboshlash shoxobchalari ham “O‘zmilliybank” filiallari hisoblanadi.

Shuningdek, valyuta ayirboshlash shoxobchalari Toshkent aeroportining uchib kelish zalida ham mavjud.

Avvalroq Toshkent aeroportida birinchi kutib olish hududi ochilgandi. Hozir aeroportga tashrif buyuruvchilar uchun terminalni doimiy ravishda kengaytirish loyihasi ishlab chiqilmoqda.

1-noyabrdan esa, aeroport estakadasidagi kameralar avtomatik tarzda jarima solishni boshladi. Bunda, tizim to‘xtash vaqtidan oshib ketganda va sariq chiziqda to‘xtab turilganda avtomatik tarzda jarimalar belgilaydi.