Xitoyning “Hichain” kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazlarini ochadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida Guanchjouda O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi o‘tkazildi.

Uning doirasida Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Xitoyning “Hichain Supply Chain” kompaniyasi prezidenti bilan uchrashdi.

Uchrashuvda kompaniya bilan hamkorlikda Andijon, Navoiy va Qoraqalpog‘istonda yangi logistika markazlarini tashkil etish bilan bog‘liq jihatlar muhokama etildi.

Tomonlar bu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini tezlashtirish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli memorandumni imzoladi.

Namanganda Janubiy Koreya bilan logistika markazi tashkil etilishi ma’lum bo‘ldi. Bu markaz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishga yo‘naltirilib, shartnoma qiymati $10 mlnni tashkil etadi.

Xitoyning “Chongqing International Logistics Hub Park” kompaniyasi bilan Navoiy EIZ hududida logistik xabi tashkil etiladi. Rossiyaning “PEK” logistika kompaniyasi O‘zbekistonning to‘rtta shahrida o‘z filiallarini ochdi.

Shuningdek, “Wildberries” Farg‘onada logistika markazini ochadi. O‘zbekiston va Eron qo‘shma logistika markazi qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan.