Xitoy kompaniyasi Navoiy erkin iqtisodiy zonasida (EIZ) logistik xab tashkil etmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Normat Tursunov rahbarligidagi delegatsiya Xitoyda bo‘lib, kompaniyalar bilan muhokmalar olib bordi.

Tashrif davomida “Chongqing International Logistics Hub Park” logistika markazi va “Chongqing Railway Port"ining avtomobil va import qilinadigan go‘sht mahsulotlari nazorat markazida bo‘lishdi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari “Dry Port Of the New Western Land-Sea Corridor"da bo‘lib, logistika imkoniyatlari bilan tanishishdi.

Uchrashuv davomida “Chongqing International Logistics Hub Park” bilan Navoiy EIZ hududida logistik xab tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, hokim Tursunov Xitoyning Chungsin shahri meri Xu Xenxua bilan Navoiy viloyatida kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va logistika sohalarida “Navoiy-Chongsin” qo‘shma EIZni tashkil etish masalasini muhokama qildi.

Bundan tashqari, ikki viloyat o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Avvalroq O‘zbekiston Gruziyaning Poti portida logistika markazi tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.