“Tesla” kompaniyasi Hindistonda zavod qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

Agar hukumat avtomobillar uchun import bojini ishga tushirishning dastlabki ikki yilida 15%gacha pasaytirsa “Tesla” Hindistonda zavod qurish uchun $2 mlrdgacha sarmoya kiritishga tayyor, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu kompaniyaga hali taqdim etilmagan eng yirik avtomobil bozoriga kirish imkonini beradi.

Kelishuv doirasida “Tesla” Hindiston yetkazib beruvchilaridan $15 mlrdlik ehtiyot qismlarni ham sotib olish majburiyatini olmoqda va mamlakatda akkumulyator ishlab chiqaruvchi zavod qurishni ko‘rib chiqmoqda.

Ta’kidlanishicha, kompaniyaning elektromobillari kelgusi yildan boshlab Hindiston yo‘llariga chiqishi kutilmoqda.

2021-yilda “Tesla” Hindistonning janubidagi Karnataka shtatining poytaxti Bangalorda hind kompaniyasini rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Hindiston hukumati rasmiylari “Tesla” kompaniyasining elektromobillar uchun import bojlarini sezilarli darajada kamaytirish taklifini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi.

Keyinchalik, o‘sha yili kompaniya avtomobillari Hindiston yo‘llarida sinovdan o‘tkazilib, kompaniya yettita EV variantiga ruxsat olgandi. Biroq import tariflari bo‘yicha kelishuvga erisha olmagani uchun “Tesla” 2022-yilda Hindiston bozoriga chiqish rejalarini keyinga qoldirishga qaror qildi.

O‘tgan yil davomida “Tesla” bozorga kirish uchun sa’y-harakatlarini yangiladi va hukumat bilan yangi muzokaralarni boshladi.

Noyabr oyi boshida Hindiston yana kompaniya bilan import bojlarini kamaytirish bo‘yicha maxsus shartnoma tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.

Shuningdek, “Tesla” Hindistonda yiliga 500 mingga yaqin elektromobil ishlab chiqaradigan va ularni mamlakatda $24 000ga sotadigan zavod qurishni rejalashtirayotgani xabar qilingan.


Avvalroq “Spot” “Tesla” Cybertruckni bir yil ichida qayta sotishni taqiqlagani haqida yozgandi.

Xaridor avtomobilni sotish uchun kompaniyadan ruxsat olishi yoki uni sotib olish uchun kompaniyani imtiyozli huquq bilan ta’minlashi kerak.