“Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi “Toshkent” aeroportida maydonlar ijarasi uchun bir nechta lotlarni auksionga chiqardi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, kofe-korner uchun joy, SIM-kartalarni sotish nuqtasi, do‘kon, savdo avtomatlari, ayirboshlash shoxobchasi, bankomatlar va mobil qurilmalar uchun quvvatlantirish stansiyalari uchun lotlar joylashtirilgan.

Umumiy ovqatlanish nuqtasi — o‘tirish uchun joylarsiz kofe burchagini tashkil qilish uchun xalqaro aviaqatnovlarga ro‘yxatdan o‘tkazish zonasida 14 kv.m maydon taklif etiladi. Maydon ijarasining yillik boshlang‘ich qiymati 336 mln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, xalqaro aviaqatnovlar terminalida ijaraning yillik boshlang‘ich qiymati 16,8 mln so‘m bo‘lgan bankomatlarni joylashtirish uchun 2 kv.metr maydon va ayirboshlash shoxobchalarini joylashtirish uchun 37,8 mln so‘mlik 7 kv.metr maydon ajratildi.

CIP uchib kelish zalida boshlang‘ich qiymati yiliga 54 mln so‘m bo‘lgan mahalliy uyali aloqa operatorlarining SIM-kartalarini sotish uchun 3 kv.metr maydon va savdo avtomatlari joylashtirish uchun dastlabki yillik qiymati 36 mln so‘mlik 2,5 kv.m. maydonlar ajratiladi.

Mahalliy aviaqatnovlar terminalida ham gazaklar va alkogolsiz ichimliklar sotish imkoniyatiga ega nooziq-ovqat tovarlari do‘konini joylashtirish uchun 34 kv.metr maydon kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Lotning boshlang‘ich bahosi — yiliga 204 mln so‘m.

Shuningdek, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar terminallarida gadjetlar uchun quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun maydonlar auksionga qo‘yilib, lotning dastlabki qiymati 3 kv.metr uchun yiliga 36 mln so‘mni tashkil etadi.

Barcha lotlarda ishtirok etish istagini bildirgan kompaniyalar rioya qilishlari lozim bo‘lgan batafsil texnik topshiriqlar mavjud. Har bir lot bo‘yicha ijarachilarga qo‘yiladigan talablar va boshlang‘ich narxlar “E-auksion” saytiga joylashtirilgan.

Shuningdek, saytda kim oshdi savdosi qoidalariga ko‘ra, auksion paytida kamida 10%ga oshishi mumkin bo‘lgan boshlang‘ich yillik summalar ham ko‘rsatilgan.

Auksionda ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 11-dekabr kuni soat 09:00gacha jo‘natish mumkin. Savdolar shu kuni soat 10:00da o‘tkaziladi.

Lotlar haqidagi batafsil ma’lumotlarni yuqoridagi havolalardan olish mumkin.

Oktabr oyi oxirida kompaniya umumiy ovqatlanish shoxobchalari va gul do‘koni, savdo avtomatlari, bankomatlar va mobil qurilmalarni quvvatlash punktlari uchun jami beshta maydonni auksionga joylashtirgandi.