Vazirlar Mahkamasi 13-aprel kuni kichik binolar qurilishi ustidan xususiy qurilish nazorati (XQN) tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Hujjat balandligi 12 metrdan oshmaydigan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan oshmaydigan ikki qavatgacha (yerto‘la qavatini hisobga olmaganda) bo‘lgan xususiy uylarga tatbiq etiladi. Shuningdek, uning ta’siriga yengil konstruksiyalar va hajmi 300 kub metrgacha bo‘lgan noturar joy obyektlari ham tushadi.
XQN uchun obyekt bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan loyiha tashkiloti javob beradi. Buyurtmachining (mulkdorning) roziligi bilan yoki uning tashabbusi bilan nazorat arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxsga o‘tkazilishi mumkin.
XQN buyurtmachi yoki mulkdorning xohishiga ko‘ra, lekin bir oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Nazorat tadbirlariga har safar bir kun ajratiladi.
Bunda qurilish nazorati obyektni barpo etishning har bir asosiy bosqichi yakunlangandan so‘ng o‘tkazilishi kerak, shu jumladan:
- bino va inshootlar kotlovanini qurish;
- poydevor qurish;
- asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni qurish;
- devorlar va to‘suvchi konstruksiyalarni qurish;
- tom yopish ishlari;
- maxsus ishlar, shu jumladan santexnika, isitish tizimlari, suv quvurlari va kanalizatsiya, ventilyatsiya, chang-gaz filtrlari, elektr simlari va gaz quvurlarini montaj qilish, shuningdek fasad ishlari.
Buyurtmachi (mulkdor) qurilishning har bir bosqichi tugashidan 2 kun oldin nazorat qiluvchi tashkilotni yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi kerak. Tashkilot obyektga sertifikatlangan nazoratchini biriktiradi.
Agar obyektda shaharsozlik normalari va qoidalari yoki boshqa me’yoriy hujjatlar buzilganligi aniqlansa, nazoratchi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ko‘rsatma berishi mumkin. Biroq, u sanksiyalarni nazarda tutishi mumkin emas.
Ko‘rsatmada aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilgan deb hisoblanadigan holatlar, shuningdek qayta tekshirish muddatlari ko‘rsatiladi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun 30 kalendar kungacha vaqt beriladi.
Shuningdek, nazoratchi qurilish ishlarini to‘xtatish to‘g‘risida ko‘rsatma berishi mumkin. Buni bino, inshoot yoki uning bir qismi qulab tushish xavfi bo‘lganda, shuningdek, loyiha hujjatlariga rioya qilinmaganda yoki loyihani kelishilmagan holda o‘zgartirishda amalga oshirish mumkin.
Buyurtmachi ko‘rsatmalarni bajarishdan bosh tortgan taqdirda nazoratchi Qurilish vazirligining Davlat arxitektura nazorati departamentiga yoki mahalliy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limiga murojaat yuborishi kerak. Shuningdek, loyiha tashkiloti buyurtmachining harakatlari yuzasidan sudga ariza berishi mumkin.
Xususiy qurilish nazoratchisi qurilish tugaganidan keyin 5 ish kuni mobaynida ijobiy xulosa beradi yoki obyektni qo‘shimcha ko‘zdan kechirgandan keyin uni berishni rad etadi.
Quyidagilar rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin:
- loyiha parametrlari yoki shaharsozlik hujjatlarining buzilishi;
- binoning zilzilabardoshligini pasaytiruvchi hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi konstruktiv kamchiliklar;
- obyektning shaharsozlik normalari va qoidalariga nomuvofiqligi;
- nazoratchini obyektga tekshirish uchun kiritmaslik (kamida 2 nafar guvoh mavjud bo‘lganda);
- shartnomaga muvofiq XQN xizmatlariga haq to‘lanmaganda.
Avvalroq Spot 1-iyuldan qurilishga ruxsat va texnik shartlarni olish tartibi soddalashtirilishi haqida yozgandi.
Prezident bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasini qo‘ydi.