Markaziy bank Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida mart oyi bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
2022-yilda umumiy inflyatsiya 12,3% ni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning mart oyida bu 7,1% gacha pasaydi. Birinchi chorakda oziq-ovqat va nooziq ovqat tovarlari inflyatsiyasi yuqoriroq bo‘ldi.
Iste’mol savatidagi umumiy 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 99%i — 148 tasining yillik narxi 10% dan kamroqqa oshdi.
Limon eng ko‘p qimmatlashgan (+91,4%) mahsulot sifatida yetakchilikni saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarda mandarin (+22,9%), olma (+19,9%), qo‘y go‘shti (+18,2%), tuxum (+17%) hamda kartoshka (+16,3%) ning yillik narxi yuqori bo‘ldi.

O‘tgan oyda qovoq (-51,9%), baqlajon (-30,4%), sarimsoq (-23,8%), tarvuz (-22,2%) hamda bodring (-19,1%) eng ko‘p arzonlashdi.
Bundan tashqari, iste’mol savatidagi 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlaridan 92% ining (233 tasi) yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi.
Metan (+30,3%), nikoh uzugi (+29,7%) gazeta (+17,5%), sement (+15,8%), propan (+9,6%) va sigaret (+8,4%) keskin ko‘tarildi. Yirik oshxona priborlari (-1,7%), kichik maishiy jihozlar (-1,2%), ichimlik tayyorlovchi kichik priborlar (-1,1%), kastryul (-1%) va changyutgich (-0,2%) narxlari esa arzonlashdi.

Bu segmentda yengil avtomobillarning yillik narxi o‘zgarishsiz qolmoqda. Biroq konditsioner (0,01%), ayollar uy poyafzallari (+0,2%) va tish cho‘tkalari (+0,3%) kabi bir qator tovarlar narxi biroz ko‘tarilgan.
Shuningdek, 98 turdagi xizmatlardan 68 tasi yoki 69% ida yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi. Martda eng ko‘p qimmatlashgan xizmatlar qatoridan shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash (+281,8%) va trolleybus yo‘l haqi (+100%) joy olib, fevraldagi yillik ko‘rsatkichni takrorladi.
Keyingi o‘rinlarda tarmoq gaz (+39,2%), haydovchilik kurslari (+35,8%) hamda sovuq suv (+35,1%) xizmatlari narxi yuqori bo‘ldi. Ichki aviaqatnov (-10,9%), pul o‘tkazmalari uchun haq (-6,7%), xalqaro aviaqatnov (-5,5%), xususiy OTMda o‘qish (-0,5%) va mikromoliyaviy xizmatlar (-0,02%) narxlari yillik hisobda arzonlashdi.
Metroda chipta haqi, aloqa xizmati uchun abonent to‘lovi, mobil internet, davlat OTMlari va bog‘chalarida o‘qish hamda sug‘urtalash xizmatlari narxi o‘zgarishsiz qolmoqda.

Hayvonot bog‘i (+1%), simli internet (+2,1%), ijara haqi (+2,2) va kiyimlari ijarasi (+2,6%) kabi xizmatlarda narxlarning biroz oshishi kuzatildi.
Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonda “tartibga solinadigan narxlarning sekinroq o‘sishini” kutayotgani haqida yozgan edi. 2026-yilda mamlakat iqtisodiyotining o‘sish prognozi 6,8% gacha yaxshilandi, inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar esa 6,8% gacha yomonlashdi.