Fransiyaning Renault avtomobil ishlab chiqaruvchisi Xitoy kompaniyalari bilan raqobat kuchaygani sababli ikki yil ichida muhandislarining 15−20% ini ishdan bo‘shatadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Kompaniyaning texnik mutaxassislari shtati qariyb 11−12 ming kishini tashkil etadi, demak, 2400 nafargacha xodim qisqartirilishi mumkin. Umuman, 2025-yil oxiriga kelib kompaniyada 100 mingdan ortiq xodim mavjud bo‘lgan.
Qisqartirish to‘g‘risidagi qarorni turli mamlakatlardagi Renault rahbarlari qabul qiladi, deya qo‘shimcha qiladi Bloomberg. 2025-yil iyul oyida lavozimga kelgan Renault bosh direktori Fransua Provo biznes moslashuvchanligini oshirish uchun xarajatlarni faol ravishda qisqartirmoqda, deb ta’kidlaydi nashr.
Boshqa Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari singari, kompaniya BYD kabi Xitoy brendlari tomonidan kuchayib borayotgan raqobatga duch keldi.
Yangi besh yillik strategiyaga muvofiq, Renault 36 ta model, jumladan, 14 tasini Yevropadan tashqarida ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Provoning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya “Xitoy usullari"dan foydalanishi kerak. Xitoydagi tadqiqot va ishlanmalar markazi muhandislari bilan hamkorlikdan so‘ng, kompaniya yangi Twingo elektromobilini ishlab chiqish muddatini 21 oygacha qisqartirgan, deb yozadi Reuters.
2025-yilda guruh butun dunyo bo‘ylab qariyb 2,3 mln (2024-yilga nisbatan +3,2%), Yevropada esa 1,6 mln dona avtomobil sotgan. Ulardan 400 mingi “gibrid” (+35,1%) va 194 mingi elektromobillardir (+76,7%).
Avvalroq Spot Oracle SI uchun xarajat oshishi fonida minglab xodimlarni qisqartiraishi haqida yozgandi.
Qisqarishlar kompaniyaning kapital xarajatlarini $35 mlrddan $50 mlrdgacha oshirish rejalari fonida amalga oshirilmoqda.