Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Radjabov 15-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida nodavlat oliy ta’lim muassasalarini ochishga qo‘yilgan talablar yuzasidan izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda barcha xususiy oliy ta’lim tashkilotlari 2025-yilning iyun oyidagi hukumat qarori bilan belgilangan litsenziya talablarini to‘liq bajargan. Bu talablarga ustav fondini $2 mlnga yetkazish, bankka $350 ming miqdorida depozit qo‘yish hamda 5 ming kv.metrdan kam bo‘lmagan o‘quv binolariga ega bo‘lish kabilar kiradi.

“Bir narsaga e’tibor qaratishimiz kerak-ki, bu [talablar] og‘irlik qildimi, qilmadimi degan masala emas. Chunki oliy ta’lim tashkilotini tashkil qilayotganda uning o‘ziga yarasha xarajatlari bor va bu o‘zgarishlar xalqaro tajriba asosida kiritilgan. Men bu yerda (Oliy ta’lim vazirligida — Spot izohi) ishlayotgan davrimda bir marotaba ham „litsenziya talabi va shartlari og‘irlik qilyapti, uni tushirish kerak“, degan murojaat yoki taklif kelmadi. Biz buni doimiy ravishda monitoring qilib boramiz. Agar rostdan ham qanaqadir o‘zgartirish kerak bo‘lsa, bu hech qanday dogma emas, o‘zgartiramiz”, — deya qayd etdi Radjabov.

Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, shu bilan birga, hukumatning 2022-yil fevral oyida qabul qilingan 80-son qarori bilan xususiy oliy ta’lim muassasalarini litsenziyalashning minimal talablari belgilanganini eslatib, ular doimiy ravishda o‘zgartirilib borilishini qayd etdi.

Sardor Radjabovning ma’lum qilishicha, yaqinda qabul qilingan prezident farmoni bilan xususiy oliy ta’lim tashkilotlari uchun doktorantura ochish tartibi yengillashtirilgan.

Xususan, agar oliygoh magistratura bosqichi uchun ruxsatnomaga ega bo‘lsa, oliy ta’limdan keyingi ta’limni yo‘lga qo‘yish uchun alohida litsenziya olish talabi bekor qilinadi. Uning o‘rniga vazirlikka xabarnoma yuborish orqali doktorantura ochish mumkin bo‘ladi.

U yana bir bor xususiy OTMlar uchun qo‘yilayotgan talablarga to‘xtalib, ular o‘z-o‘zidan qabul qilinmasligini, barcha xatarlar hisobga olingan holda takliflar ishlab chiqilishini bildirdi.

Joriy yilning mart oyi boshida Oliy ta’lim vazirligi xodimi litsenziya olib berish uchun $100 ming talab qilib, qo‘lga tushgani ma’lum bo‘lgan edi. Undan keyin Spot mutaxassislar bilan xususiy oliygohlar uchun qo‘yilgan talablar, litsenziya olishdagi muammolar hamda korrupsiya xavflari haqida suhbatlashdi.

Avvalroq Spot xorijda ilmiy daraja olgan yoshlarga imtiyozli ipoteka krediti berilishi haqida yozgan edi.