Bugungi kunda IT-sohasi vakillari nafaqat ishda, balki jismoniy faollikda ham yuqori natijalarga intilmoqda. Uzoq vaqt bir joyda o‘tirish va kuchli aqliy yuklama fonida sport koddagi xatolarni qidirishdan chalg‘ish, miyani tiklash hamda ish samaradorligini oshirishning eng samarali usullaridan biriga aylanmoqda.
Buni jahondagi yirik texnologik kompaniyalar rahbarlari misolida ham ko‘rish mumkin. Masalan, Meta rahbari Mark Sukerberg haftasiga 3−4 marta MMA va jiu-jitsu bilan shug‘ullanadi, kun tartibini esa uzoq masofali sayrlar va yozgi syorfing mashg‘ulotlari bilan boyitadi. IT sohasi vakillari orasida suzish, yugurish va bioxaking elementlarini o‘zida mujassam etgan boshqa sport turlariga qiziqish ham ortib bormoqda. Bu esa nafaqat jismoniy quvvatni oshiradi, balki uzoq vaqt davomida diqqatni yo‘qotmasdan ishlashga ham yordam beradi.
Bugun IT olamida sport bilan shug‘ullanish shunchaki zalga borish emas, balki ish unumdorligini oshiruvchi strategik vositaga aylanib ulgurgan. Spot O‘zbekiston dasturchilari va startaperlari qaysi sport turlarini afzal ko‘rayotgani hamda bu odatlar ularning professional faoliyatiga qanday ta’sir qilayotgani haqida suhbatlashdi.
Paylov rahbari, dasturchi.
Doimiy ravishda sport bilan shug‘ullanishga harakat qilaman, chunki bu aqliy yuklamalarni yengillashtirishning eng yaxshi usuli. Haftada uch marta fitnessga boraman, bundan tashqari havaskorlar futbol ligasi o‘yinlarida ham muntazam qatnashaman.
Ishdan ortib, fitness bilan shug‘ullanish ortiqcha vaqt talab qilmaydi. Buning ustiga, shahrimizda sport infratuzilmasi yaxshi rivojlangan, kerakli sharoitlarni topish ham qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Dasturchilar ko‘pincha uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlashiga to‘g‘ri keladi. Doimiy harakatsizlik esa xuddi sekin ishlaydigan bombaga o‘xshaydi. Shu sabab imkon qadar bir joyda uzoq o‘tirmaslik, vaqti-vaqti bilan o‘rindan turib yengil mashqlar qilish va suv ichishni unutmaslik kerak. Ish stoli hamda o‘rindiqning qulay, bo‘yga mos bo‘lishi ham juda muhim.
Aslida, sport shunchaki jismoniy mashq emas, balki harakatdan zavq olish jarayoni. Ruhiy xotirjamlikka erishishda esa nafaqat sport, balki ish intizomi ham muhim — barcha ishlarni vaqtida bajarishni odat qilish lozim.
Shubhasiz, sport insonning ham jismoniy, ham ruhiy holatini yaxshilashga xizmat qiladi. Biroq ishdagi stressning asl sababi ko‘pincha aynan ish jarayonidagi vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Menimcha, ideal holatda odamlar sport bilan shunchaki charchoq chiqarish uchun emas, avvalo sog‘lig‘ini mustahkamlash va hayot sifatini yaxshilash uchun shug‘ullangani to‘g‘riroq. Sport muammolardan qochish yo‘li emas, balki sog‘lom hayotning mustahkam poydevori.
AortaVision asoschisi, dasturchi.
Sportni hayotimning ajralmas qismiga aylantirishga harakat qilaman. Men uchun jismoniy faollik shunchaki bo‘sh vaqtda qilinadigan mashg‘ulot emas, balki kundalik zarurat. Ayniqsa, kun davomida intellektual va aqliy mehnat bilan band bo‘lganim sababli, tanadagi muvozanatni saqlash uchun sportga alohida vaqt ajrataman.
Asosan pilates, yoga, lezginka va hiking bilan shug‘ullanaman, chunki, ularning har biri hayotimda o‘ziga xos o‘ringa ega.
Masalan, pilates tana muvozanatini tiklash va chuqur mushaklarni mustahkamlash uchun ideal bo‘lib, ayniqsa bel va umurtqa pog‘onasi salomatligi uchun foydali. Yoga esa jismoniy moslashuvchanlik bilan birga ruhiy xotirjamlik bag‘ishlab, kundalik stressdan xalos bo‘lishga yordam beradi. Lezginka menga energiya, koordinatsiya va o‘zgacha motivatsiya beradi, hiking esa tabiat qo‘ynida, toza havoda jismoniy chidamlilikni oshirib, fikrlarni tiniqlashtiradi.
Umuman olganda, haftasiga 3−4 marta faol shug‘ullanishga harakat qilaman. Odatda haftaning 1−2 kunini pilates yoki yogaga, bir kunini raqsga ajrataman, dam olish kunlari esa imkoniyatga qarab hiking bilan shug‘ullanaman.
Menimcha, dasturchilarning “o‘tirib ishlash” hayot tarzi zamonamizning eng jiddiy muammolaridan biri. Uzoq vaqt harakatsiz o‘tirish nafaqat bel va bo‘yin og‘riqlariga, balki ko‘z toliqishi hamda modda almashinuvining sekinlashishiga ham olib keladi. Agar bunga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan “developer posture” memi real hayotdagi surunkali muammoga aylanishi mumkin. Shu bois salomatlikni saqlash uchun har 1−2 soatda qisqa tanaffus qilib, yurish yoki cho‘zilish mashqlarini bajarishni juda muhim deb bilaman.
Sport men uchun shunchaki jismoniy mashqlar to‘plami emas, balki kompleks yondashuv. Jismoniy sog‘lomlik albatta muhim, biroq uning ruhiy ta’siri men uchun yanada katta ahamiyatga ega. Ayniqsa yoga va hiking paytida his qilinadigan ichki sukunat stressni samarali jilovlashga hamda chigal fikrlarni tartibga solishga yordam beradi.
Aynan shu ruhiy yengillik hissi ish samaradorligimning asosiy drayveriga aylanadi. Mashg‘ulotdan so‘ng organizmda yoqimli bo‘shashish paydo bo‘ladi, kayfiyat ko‘tariladi va kun davomida yig‘ilib qolgan stress sezilarli darajada kamayadi. Natijada diqqatni jamlash qobiliyatim yaxshilanadi, ish unumdorligim ortadi va hatto eng murakkab texnik masalalarga ham sokin zehn bilan kreativ yechimlar topish osonlashadi.
42 asoschisi, dasturchi.
Bir yildan buyon sport bilan faol shug‘ullanib kelaman va bu mashg‘ulotlarga haftasiga o‘rtacha 6 soat vaqt ajrataman. O‘tgan yili murabbiy nazorati ostida ikki oy davomida professional velosport bilan shug‘ullandim.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadim yurak faoliyatini yaxshilash va irodani chiniqtirish edi. Hozirda esa og‘ir atletika hamda krossfit bilan muntazam shug‘ullanib kelyapman.
Uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlash bavosil, bel og‘rig‘i va boshqa noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, ovqat hazm qilish tizimi ham yomonlashib, tana tezroq yog‘ yig‘ishga moyil bo‘ladi. Shu sabab sog‘lom turmush tarzini boshlashni dastlab uzoq masofalarga piyoda yurishdan, keyin esa asta-sekin yugurishga o‘tishdan boshlash mumkin, deb hisoblayman.
O‘zimdagi o‘zgarishni oddiy misolda ham ko‘rish mumkin: ilgari turnikda zo‘rg‘a bir marta tortilardim, hozir esa bir urinishda 12−14 marta tortila olaman va 30 tadan ortiq “otjimaniya” bajaraman. Boshida shunchaki jismoniy mashqdek tuyulgan bu jarayon, yaxshilab terlab, keyin dush qabul qilgach, men uchun haqiqiy meditatsiyaga aylanadi.
Mental stressni yengishda toza havoda sayr qilishning foydasi katta. Ayniqsa jismoniy zo‘riqishdan keyin qabul qilingan issiq dush ruhiy bosimni yengishga yordam berishini o‘z tajribamda sezganman.
laMenu hammuassisi, dasturchi.
Ilgari sport bilan muntazam shug‘ullanmasdim. Hozir esa turli sport yo‘nalishlarini sinab ko‘rib, ayrimlarini kundalik hayotimning bir qismiga aylantirishga harakat qilyapman.
Tanlovim asosan tennis va padelga tushgan. Birinchidan, bu sport turlari dinamik harakatlarga boy.
Ikkinchidan, doimiy ravishda gadjetlar bilan ishlaydigan insonlar uchun o‘yin davomida to‘p harakatini kuzatish o‘ziga xos ko‘z mashqi vazifasini bajaradi. Bu esa ko‘zdagi charchoqni yozish va diqqatni jamlashda juda foydali.
Uzluksiz ishlash va harakatning kamayishi menda tez-tez bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarib, qon aylanishining yomonlashishiga sabab bo‘ldi. Shu bois dastlab imkon qadar ko‘chada ko‘proq sayr qilishni odat qildim. Vaqt o‘tishi bilan shuni angladimki, kompyuter qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazadigan insonlar hayotiga albatta harakat qo‘shishi kerak, buning eng samarali yo‘llaridan biri esa sport.
Men uchun sport nafaqat tananing tetiklashishi, balki miyaning ham to‘liq dam olishini anglatadi. Aqliy charchoq tarqalib, yangi g‘oyalar uchun quvvat va kuch paydo bo‘ladi. Garchi mashg‘ulotlardan so‘ng jismoniy toliqsam-da, umumiy zo‘riqish yozilgach, ishga bo‘lgan ishtiyoqim va energiyam yanada ortadi. Bu esa kunlik vazifalarni yuqori kayfiyatda va maksimal samaradorlik bilan bajarishimga yordam beradi.
Uzum'da Oracle PL/SQL team lead’i, dasturchi.
Sport bilan doimiy shug‘ullanishga niyatim har doim kuchli bo‘ladi, lekin negadir uni amalda ushlab qolish qiyin kechadi. Ishlarning ko‘payib ketishi, safarlar yoki ustuvorliklarning boshqa tomonga o‘zgarishi rejalarga ta’sir qiladi. Odatda mashg‘ulotlarni katta ishtiyoq bilan boshlab, 5−6 oy uzluksiz qatnayman, biroq keyin yana 2−3 oylik tanaffus yuzaga keladi.
Oxirgi paytlarda boks menga juda yoqib qoldi. Yaqin do‘stim “Underdog Boxing Club"ga qatnardi, men ham unga qo‘shilib o‘zimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim va bu mashg‘ulotlar menga rostdan ham ma’qul tushdi. Grafik klassik uslubda: haftasiga uch marta 1−1,5 soatdan shug‘ullanamiz. Mashg‘ulotlar tartibi ham juda qulay — bir kun umumiy jismoniy tayyorgarlik, bir kun texnika ustida ishlash, yana bir kun esa sparring.
Aqliy mehnat bilan shug‘ullanib, uzoq vaqt bir joyda o‘tirish tanaga juda salbiy ta’sir qiladi, deb hisoblayman. Buni 26 yoshimda allaqachon o‘z tanamda sezishni boshlaganman. Shu sabab boksga bormagan kunlarim ham vaqti-vaqti bilan mushaklarni cho‘zadigan, bel va oyoqdagi taranglikni yozadigan mashqlarni bajarib turaman.
Aslida, bu muammo faqat dasturchilarga emas, balki barcha ofis xodimlariga tegishli. Salomatlikni saqlash uchun, eng avvalo, zararli taomlarni kamaytirish, har soatda kompyuterdan qisqa tanaffus qilish hamda imkon qadar muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish juda muhim.
Darhaqiqat, sportning jismoniy foydalaridan tashqari, ruhiy jihatdan ham ijobiy tomonlari juda ko‘p. Sport bilan faol shug‘ullangan davrlarimda energiyam yuqori, kayfiyatim ko‘tarinki bo‘ladi, stressga chidamliligim ortadi. Bu esa, o‘z navbatida, hayotimga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Agar jarayonni sport bilan shug‘ullanishdan oldingi va keyingi holat bilan qiyoslasam, mashg‘ulotlardan so‘ng muammolar va stress ancha yengil tuyuladi, yechimlar esa rostdan ham tezroq kela boshlaydi.




