“Toyota” xavfsizlik yostig‘i muammosi tufayli 1,12 mln avtomobilni qaytarib olishga qaror qildi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.

Kompaniya 20-dekabr kuni bergan bayonotida aytishicha, sensordagi qisqa tutashuv xavfsizlik yostiqchalari mo‘ljallangandek ochilmasligiga olib kelishi mumkin.

Mashinalarni ortga qaytarish 2020-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan avtomobillarni, jumladan “Avalon”, “Camry”, “Corolla”, “RAV4”, “Lexus ES250”, “ES300H”, “ES350”, “RX350 Highlander” va “Sienna Hybrid” modeldagi avtomobillarni o‘z ichiga oladi.

Ularda yo‘lovchilarni tasniflash tizimining (OCS) sensorlari ishlamay qolishi mumkin. Jarayon AQShda 1 mln avtomobilni qamrab oladi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya fevral oyidan boshlab mashina egalarini qaytarib olish haqida xabardor qilishni rejalashtirmoqda.

2022-yil iyul oyida “Toyota” OCS sensori yo‘lovchini noto‘g‘ri aniqlashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ichki qismlar o‘rtasidagi potentsial o‘zaro ta’sirlar tufayli AQShdagi 3500 ta “RAV4” avtomobilini chaqirib olishini e’lon qilgandi.

AQSh Milliy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, oldingi xavfsizlik yostiqchalari 30 yil ichida mamlakatda 50 mingdan ortiq odamning hayotini saqlab qolgan.

“Yangi datchiklar paydo bo‘lishining sababi, eski xavfsizlik yostiqchalar haydovchi va yo‘lovchilar uchun bir xil tarzda ochilib, ba’zi jarohatlar, kam hollarda bolalar, jussasi kichiklar va havo yostig‘iga juda yaqin bo‘lgan kamarsiz yo‘lovchilarning o‘limiga olib kelgan”, deyiladi xabarda.


Avvalroq “Spot” “Honda” AQShdan 300 mingta avtomobilni qaytarib olishi haqida yozgandi.

Bunga yetkazib berilgan avtomobillardagi old xavfsizlik kamarini mahkamlash moslamalarida yetishmayotgan qism sabab bo‘lgan.

Shuningdek, “Tesla” AQShda 2 million avtomobilni qaytarib olishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, avtomobillarning qaytarib olinishiga avtopilotdan foydalanishdagi xavfsizlik muammolari sabab bo‘lgan.