Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlar faolligini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, boshqaruv xodimlari orasidagi xotin-qizlarning ulushini 2030-yilgacha 30%ga yetkazish talabi davlat korxonalarining ijro organlari, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibini shakllantirishda ham tatbiq etiladi.

2024-yilning 1-fevralidan kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi.

Bunda kurslar ta’lim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda amalga oshiriladi. Kasb-hunarga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida moliyalashtiriladi.

Bunda ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi xotin-qiz uchun sarflangan o‘qitish xarajatlarining 70%i, biroq BHMning 5 barobaridan (1,7 mln so‘m) oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Shuningdek, xotin-qizlar.uz platformasi negizida “Band bo‘lmagan xotin-qizlar” moduli yaratilib, vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

Kelasi yilning 1-martigacha “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq tanlovlarda ishtirokchilarni baholash imkonini beruvchi elektron dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi. Mazkur tanlov 2025-yildan har yili o‘tkaziladi.

Ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng bino va inshootning dastlabki 3 oylik ijara to‘lovi 2024-yildan BHMning 10 baravarigacha (3,4 mln so‘m) miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Kelasi yildan xotin-qizlarning haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga 11 oygacha muddatga ruxsat etiladi.

Tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritiladi.