Amerikaning “Boeing” samolyot ishlab chiqaruvchisi aviakompaniyalarni 737 MAX samolyotlarini tekshirishga chaqirdi, deya xabar bermoqda AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA)

Aviatsiya boshqarmasining qayd etishicha, samolyotlardagi rul boshqaruvi tizimidagi murvat bo‘shashgan bo‘lishi mumkin.

“„Boeing“ Aviatsiya boshqarmasi bilan kelishilgan holda, yangi tor korpusli samolyotlar operatorlariga rul harakatini boshqaradigan maxsus boshqaruv murvatlarini bo‘shashishi mumkin bo‘lgan uskunalarni tekshirish uchun ogohlantirish berdi”, dedi regulyator bayonotida.

Kompaniya xalqaro operatorlardan biri rul boshqaruvidagi mexanizmni rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatish paytida yo‘qolgan murvatini topgandan so‘ng tekshiruvlarni o‘tkazishni tavsiya qildi.

Yana bir noto‘g‘ri tortilgan gaykani “Boeing” o‘zi hali buyurtmachiga yetkazib berilmagan samolyotda topdi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, bo‘shashgan uskunalar tufayli hechqanday hodisalar bo‘lmagan. Va u hali ham yetkazib berilmagan “737 MAX” samolyotlarini tekshirayotganini aytdi.

Ehtiyot bo‘lish uchun “Boeing” ekspluatantlarga jahon bozoriga chiqarilgan barcha 1370 ta “737 MAX” samolyotlarini tekshirishni tavsiya qilgan.

Kompaniyaning tushuntirishicha, tekshiruvlar davomida kirish panelini olib tashlash va rul boshqaruv tizimidagi murvatning to‘g‘ri o‘rnatilganligini vizual tekshirish kerak.

“Bunday tekshiruvlar bitta samolyotda taxminan ikki soat davom etadi”, deya ta’kidladi “Boeing”.

AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi, o‘z navbatida, ushbu tekshiruvlar davomida “Boeing” va aviakompaniyalar bilan aloqada bo‘lishga hamda yangi bo‘shashgan yoki yetishmayotgan uskuna aniqlansa, choralar ko‘rishga va’da berdi.