Vazirlar Mahkamasining mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganligi sabab hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmaganlarni doimiy ro‘yxatdan chiqarishda ularning roziligini olish bekor qilinmoqda. Biroq, bu taraflar o‘rtasida tuzilgan boshqacha kelishuv holatlari uchun amal qilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha mamlakat va hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomning yangi tahriri tasdiqlandi.

Respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘laridan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda yetkazilgan zararlarni qoplashga foydalaniladi.

Shu bilan birga jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan quyidagi zararlarni qoplash hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanishni nazarda tutadi:

  • ko‘chmas mulkga bo‘lgan hududlarning davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar;
  • davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zararlar;
  • tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonlar;
  • turar joy insofli egallovchidan belgilangan tartibda talab qilib olinishiga yo‘l qo‘yilmasligi natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar.

Hujjat bilan yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda yetkazilgan mulkiy zararlarni qoplab berish sxemasi belgilandi.

Bunda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman hokimliklari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati asosida yoki o‘z tashabbusiga ko‘ra tegishli hujjatlarni mamlakat va hududiy maqsadli jamg‘armalar kuzatuv kengashiga taqdim etadi.

Kuzatuv kengashlari 3 ish kunida hujjatlarni ko‘rib chiqib, yer uchastkalari jamoat ehtiyojiga olib qo‘yilgani uchun zarar o‘rnini qoplashni moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Rasmiy tashkilotlar esa 3 ish kuni ichida yetkazilgan zararlarni qoplab beradi.

Yetkazilgan mulkiy va ma’naviy zararlarni qoplash uchun ariza, sud qarori va boshqa tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda Qoraqolpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qilinadi.

Avvalroq 2024-yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini to‘lash tartibi o‘zgartirilgandi. Aholiga tegishli noturarjoy mulklari bo‘yicha soliq solinadigan bazani hisoblash yuridik shaxslarnikiga tenglashtiriladi.