28−29-fevral kunlari Samarqandda “World Edu — 2024” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Bu haqda loyiha tashkilotchilari “Spot"ga ma’lum qildi.

Unda mamlakat va xorijda ta’lim olish istagida bo‘lganlar hamda bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.

Ko‘rgazmada O‘zbekistondan tashqari, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Turkiya, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyoning ta’lim muassasalari namoyish etiladi.

Ishtirokchilar universitetlarning rasmiy vakillari bilan muloqot qilib, maslahatlar olishlari va ta’limni qisman yoki to‘liq moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, biznes-dastur doirasida oliy o‘quv yurtlari vakillari o‘qishga qabul qilish va o‘qitish shartlari haqida taqdimot qilishi kutilmoqda.

Abituriyentlar universitetlarning joriy ta’lim dasturlari, istalgan mutaxassislikka kirish imkoniyatini baholash hamda tayyorgarlik rejasini tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, IELTS, GMAT va SAT imtihonlarini topshirishning barcha tafsilotlari haqida ma’lumot berilib, professional testdan o‘tish orqali natijalar mutaxassis bilan tahlil qilinadi.

Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Avvalroq 20−22 fevral kunlari Samarqandda “Agropro Expo-2024” xalqaro ko‘rgazmasi hamda forumi o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.