Prezident hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, jozibador manzil — loyiha — infratuzilma — tadbirkor — targ‘ibot — sayyoh zanjiri asosida 34 ta turizm obyektining master-rejalari ishlab chiqiladi. Shuningdek, yana 31 ta turizm obyektining faoliyati yo‘lga qo‘yilib, rivojlantiriladi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi barcha turistik zonalar va klasterlar direksiya (departament)lari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi muassasa bo‘ladi.
2026-yil 1-iyundan Turizm qo‘mitasi ziyoratgohlar hududlarining funksional chegaralarini bosqichma-bosqich belgilaydi. Zarur hollarda ularni kengaytirish, jumladan, ko‘p qavatli binolar joylashtirish va ular uchun alohida dizayn-kod joriy etish nazarda tutilgan.
Turizmni kompleks rivojlantirish uchun davlat organlari, biznes, jamoatchilik va ta‘lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni ta‘minlovchi Quattro tizimi joriy etiladi.
2027-yildan boshlab yiliga ikki marta Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan sayyohlar o‘rtasida tanlanma kuzatuvlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, 1-sentyabrdan 2030-yil oxirigacha xorijdan jalb etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi jamg‘arma hisobidan qoplanadi.
Mahalliy turoperatorlarning xorijda o‘tkazadigan targ‘ibot tadbirlari xarajatlarining 25%igacha, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan qismi ham qoplab beriladi.
Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlarning sayyohlar uchun madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarni belgilangan hudud va jadval asosida tashkil etish xarajatlarining bir qismini 1 yilgacha moliyalashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda xarajatlarni bosqichma-bosqich tadbirkorning o‘zi qoplash sharti qo‘yiladi, moliyalashtirish chegarasi esa jamg‘arma kengashi tomonidan belgilanadi.
16-aprel kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tadbirkorlarga xorijiy turistlarni jalb qilish xarajatlarining 25%igacha qismi qoplab berilishi taʼkidlangandi.
Spot, avvalroq, Farg‘onadagi Yozyovon hududi asosida yangi ekologik turizm zonasi yaratilishi haqida yozgandi.