Avvalroq prezident tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlash bo‘yicha loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, Farg‘ona milliy tabiat bog‘i tarkibidagi Yozyovon tabiat yodgorligi hududini muhofaza qilish, dendrologik bog‘ tashkil etish, kuzatuv minoralari, maxsus dronlar va raqamli monitoring tizimlari orqali nazoratni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Ushbu hududda tashrif markazi tashkil etish, piyoda sayr marshrutlari, qushlarni kuzatish maydonlari, foto va panorama nuqtalari, ilmiy-maʼrifiy ekskursiyalar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Ovjazsoy — Moviy tog‘lar milliy tabiat bog‘i hududida ham ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan obyektlar barpo etish takliflari ko‘rib chiqildi. Bunda tabiiy manzaralar va tog‘ ekotizimlarini asrab-avaylagan holda sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Taqdimotda joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ECO EXPO Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasi va Global ekologik jamg‘armaning 8-Assambleyasiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.
Global ekologik jamg‘arma 186 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan yirik xalqaro moliya instituti bo‘lib, O‘zbekiston unga 1995-yilda qo‘shilgan. Assambleyaning Samarqandda o‘tkazilishi Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan yirik ekologik anjuman bo‘ladi.
Tadbirda 186 davlatdan 2,5 ming nafar ishtirokchi, 40 ta donor davlat, 50 dan ziyod nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
ECO EXPO Central Asia 2026 ko‘rgazmasi esa mahalliy sanoat, hokimliklar, xalqaro moliya institutlari, innovatsion “yashil” texnologiyalar provayderlari va investorlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, tabiatni muhofaza qilish sohasida nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, chiqindilarni boshqarishda zamonaviy tizimlarni joriy etish, suv resurslari va bioxilma-xillikni asrash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni ilmiy asosda rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yana qiymati $633 mlnlik chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan 5 ta zavod qurilishi haqida yozgandi.