Avvalroq prezident tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda Ugom daryosining tabiiy muvozanatini tiklash va uning noyob tabiiy merosini saqlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Tahlillarga ko‘ra, keyingi yillarda Ugom daryosida suv sarfi kamayib, suv sifatiga taʼsir etuvchi omillar ko‘paygan. Bu holat qirg‘oqlarning yemirilishi, fauna va o‘simlik dunyosiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, bioxilma-xillik qisqarishi xavfini oshirmoqda.
Shu bois, Ugom daryosi va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilish, sohilbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizimga taʼsir ko‘rsatuvchi qurilish va yer ishlarini cheklash taklif etildi.
Shuningdek, suv muhofaza zonalaridagi obyektlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning suv sifati va biofaunaga taʼsirini baholash vazifalari belgilandi. Ekologik talablarga javob bermaydigan faoliyatlarni to‘xtatish yoki boshqa joyga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Qolaversa, daryoning gidrologik va ekologik holatini barqaror rivojlantirish bo‘yicha Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash master rejasini ishlab chiqish, sohilbo‘yi va muhofaza zonalarida yer degradatsiyasining oldini olish uchun daraxt va butalar ekish ko‘zda tutilgan.
Chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar ham atroflicha tahlil qilindi. 2025-yilda sanitar tozalash xizmati qamrovi mahallalar kesimida 88% ga yetdi, sohaga maxsus texnikalar, motorollerlar va konteynerlar yetkazib berildi, 132 ta poligon atrofi ko‘kalamzorlashtirildi, 47 ta poligon faoliyati to‘xtatildi.
Joriy yilda sanitar tozalash korxonalariga qo‘shimcha maxsus texnika va konteynerlar yetkazib berib, qamrovni 90% ga yetkazish, 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish, 2030-yilga borib, poligonlar sonini 50% ga qisqartirish rejalashtirilgan.
Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish, saralash va qayta ishlash hajmini oshirish, poligonlarga tushadigan yuklamani qisqartirish muhimligi taʼkidlandi. 2026-yilda 28 ta, 2030-yilgacha esa 70 ta qayta yuklash stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.
Maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarining borishi to‘g‘risida ham axborot berildi.
Umumiy qiymati $933 mln bo‘lgan 6 ta zavodni qurish ishlari Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Bu zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Keyingi bosqichda $633 mlnlik yana 5 ta zavod qurish bilan bog‘liq ishlarni boshlashga ko‘rsatma berildi.
Xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha MDH hududida ilk integratsiyalashgan platforma yaratish taklif qilindi. Navoiy viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur investitsiya loyihasi doirasida xavfli chiqindilarni laboratoriyada tavsiflash, maxsus poligon tashkil etish, chiqindilardan RDF yoqilg‘i ishlab chiqarish, fizik-kimyoviy va termik qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Loyiha qiymati $260 mln bo‘lib, yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash quvvati yaratiladi. Uning amalga oshirilishi ekologik barqarorlikni taʼminlash, yangi standartlar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahalliy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, 2017-yilda qurilish chiqindilari hajmi 1,2 mln tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 1,9 mln tonnaga yetgan.
Shu munosabat bilan qurilish chiqindilarini “hosil bo‘lishdan utilizatsiyagacha” bo‘lgan jarayonini to‘liq nazorat qiladigan raqamli platforma yaratish, chiqindilar harakatini GPS orqali real vaqt rejimida kuzatish, poligonlarda saralash va qayta ishlash komplekslarini tashkil etish taklif etildi.
Shuningdek, qurilish obyektlarini qabul qilishda chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma shartlari bajarilganini majburiy talab sifatida belgilash, noqonuniy tashlash holatlarini foto va video qayd etish orqali aniqlash hamda javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Spot, avvalroq, uch oyda O‘zbekistonda 300 dan ortiq chiqindi qoidabuzarlari jarimaga tortilgani haqida yozgandi.