Eron atrofidagi mojaro 160 mamlakatda 30 mlndan ortiq odamni qashshoqlikka olib kelishi mumkin. Bu haqda AFP agentligiga BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) ma’muri Aleksander De Kroo ma’lum qildi.

“Biz olti haftalik urush yakunlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdik va bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, urush hozir tugasa ham, 160 mamlakatda 32 mln kishi qashshoqlikka tushib qoladi,” — dedi u.

BMTTD ma’lumotlariga ko‘ra, Eron atrofidagi mojaro va u keltirib chiqargan energetika inqirozi fonida qashshoqlik muammosi, ayniqsa, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika davlatlariga, shuningdek, Bangladesh va Kambodja kabi ba’zi Osiyo mamlakatlariga ta’sir qiladi.

Dasturning hisob-kitoblariga ko‘ra, kambag‘allik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvining oldini olish uchun energiya va oziq-ovqat mahsulotlari uchun subsidiyalar shaklida kamida 6 milliard dollar ajratilishi kerak.

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Eronning eng yirik shaharlari, jumladan, Tehron ham hujumga uchradi.

Oq uy hujumni go‘yoki Tehrondan kelayotgan raketa va yadroviy tahdidlar bilan asosladi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroildagi obyektlarga hujum qilib, keng ko‘lamli javob operatsiyasini e’lon qildi. AQSHning Bahrayn, Iordaniya, Qatar, Quvayt, BAA va Saudiya Arabistonidagi obyektlari ham zarbalarga uchradi.

Mart oyida Karl Skau agar Yaqin Sharqdagi harbiy mojaro iyun oyigacha davom etsa, o‘tkir ocharchilikdan aziyat chekayotganlar soni yana 45 mln kishiga oshishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Qayd etilishicha, bu esa dunyo bo‘ylab oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekayotganlar sonini 318 mln kishiga yetkazadi.

“Agar bu ziddiyat davom etsa, butun dunyoda larzalar yuzaga keladi va shundoq ham oziq-ovqatga qurbi yetmaydigan oilalar eng ko‘p jabr ko‘radi”, — dedi Skau.


Avvalroq Spot Erondagi urush Dubay shokoladining keskin kamayib ketishiga sabab bo‘layotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishcha, Eron shokolad uchun pista ishlab chiqarishining qariyb 20% ini va eksportining 25−30% ini ta’minlasa-da, hosilni olib chiqishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.