Xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar importiga bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2027-yilgacha uzaytirildi. Bu haqda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida keltirilgan.

Xususan, davlat rahbarining 2021-yilning 20-oktabridagi tegishli qarorida nazarda tutilgan 82 turdagi mahsulotlar importi uchun 2027-yilning 1-yanvarigacha bojxona boji olinmaydi.

Ilgari bu muddat 2024-yilgacha etib belgilangandi. Quyida mazkur mahsulotlardan ayrimlari keltirilgan:

  • kastor yog‘i va uning fraksiyalari;
  • asbest;
  • natriy gidroksidi (kaustik soda) qattiq shaklda;
  • karbidlar, kimyoviy tarkibi aniq yoki noaniq;
  • o‘simlik yoki chorvadan olinadigan bo‘yovchi moddalar;
  • keramik mahsulotlar, emal yoki oyna ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan shishasimon emallar va glazurlar va shunga o‘xshash preparatlar;
  • to‘qimachilik bo‘yog‘i;
  • sirti faol organik moddalar (sovundan tashqari); sirti faol vositalar, yuvish vositalari (shu jumladan yordamchi yuvish vositalari) va tarkibida sovun mavjud yoki mavjud bo‘lmagan tozalash vositalari;
  • moylash materiallari hamda to‘qimachilik matolari, charm, mo‘yna yoki boshqa materiallarga yog‘ va moy bilan ishlov berish uchun foydalaniladigan vositalar;
  • sun’iy mum;
  • tayyor yelimlar va boshqa joyda nomlanmagan yoki kiritilmagan boshqa tayyor adgezivlar;
  • fermentlar, fermentli preparatlar;
  • to‘qimachilik tarmog‘ida qo‘llaniladigan pardozlash vositalari, bo‘yashni tezlashtirish yoki bo‘yoqlarni mustahkamlash vositalari va boshqa mahsulotlar hamda tayyor preparatlar;
  • sun’iy mo‘yna;
  • yelimlangan fanera, fanera holiga keltirilgan panellar va qatlamli yog‘ochdan shunga o‘xshash materiallar;
  • filtr qog‘oz va karton;
  • apparatda yigirilgan jun kalava ipidan yoki apparatda yigirilgan jonivorlarning ingichka sochidan tayyorlangan gazlamalar;
  • zig‘irpoya tolasidan to‘qilgan gazlamalar;
  • kompleks sintetik va sun’iy iplardan to‘qilgan gazlamalar;
  • kimyoviy iplardan va boshqa to‘qimachilik materiallaridan to‘qilgan to‘rlar.

Ro‘yxat bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Mazkur topshiriqning to‘liq, sifatli va “so‘zsiz bajarilishi” uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi mas’ullar etib belgilandi.