Avvalroq adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-iyulidan 2026-yilning 1-iyuligacha huquqiy eksperiment tarzida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.

Huquqiy eksperiment doirasida Adliya vazirligi huzurida Oliy apellyatsiya kengashi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyatsiya kengashi tashkil qilinadi.

Apellyatsiya kengashlari ma’muriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish natijasida bu hujjatlarni o‘zgartirish, qisman yoki to‘liq bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

Bundan qonunchilikka muvofiq faqat sud tartibida bekor qilinadigan yoki o‘zgartiriladigan hujjatlar mustasno.

Ma’muriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ma’muriy hujjatlarini apellyatsiya kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish manfaatdor shaxslarning shikoyatlari va davlat xizmatlarini ko‘rsatishni monitoring qilish natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Apellyatsiya kengashlarining qarorlari “E-qaror” elektron tizimida e’lon qilib boriladi hamda ma’muriy shikoyat bo‘yicha ma’muriy ish yurituvi ishtirokchilariga belgilangan tartibda ma’lum qilinadi va ma’muriy organlar tomonidan ularning bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, apellyatsiya kengashlarining qarorlari yuzasidan manfaatdor shaxs tomonidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin, ma’muriy organlar uchun mazkur qarorlar qat’iy hisoblanadi va ularning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.

Avvalroq davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID usuli joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish uchun pul undirilmaydi.