OPEK+ davlatlari neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha kelishuvni 2025-yilgacha uzaytirishga kelishib oldilar. Bu haqda “Forbes Russia” nashri xabar berdi.

“Ishtirokchi mamlakatlar uchun xom neft qazib olishning umumiy darajasini 2025-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrgacha uzaytirishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.

Rossiya va Saudiya Arabistoni uchun keyingi yil uchun neft qazib olishning ruxsat etilgan darajasi o‘zgarmadi va mos ravishda kuniga 10,478 mln barrel va 9,949 mln barrelni tashkil etdi.

Shu bilan birga, OPEK+ BAA uchun kvotani kuniga 300 ming barrelga oshirishga kelishib oldi.

Kommyunikeda aytilishicha, Amirliklar ishlab chiqarishni 2025-yil yanvaridan boshlab o‘sha yilning sentabrigacha bosqichma-bosqich oshirishi mumkin.

Bu borada 2025-yilga kelib OPEK+ barcha mamlakatlarida neft qazib olishning ruxsat etilgan umumiy darajasi kuniga 39,725 mln barrelni tashkil etdi.


Avvalroq “Spot” Saudiya Arabistoni barcha xaridorlarga neft narxini pasaytirayotgani haqida yozgandi.

“Saudi Aramco” kompaniyasi Osiyoga yetkazib beriladigan asosiy Arab Light brendli neft narxini bir barrel uchun $1,5−2ga pasaytirdi.