Migratsiya agentligi Qozog‘istonga borayotgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Joriy yilning 3-iyun kunidan boshlab, Qozog‘istonning barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Uning doirasida Qozog‘iston hududida qonuniy bo‘lib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Qonun buzilish holatlari Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari va Mangistau viloyatida ko‘p uchramoqda.

Agentlik shundan kelib chiqib, mazkur davlatga borayotgan va bo‘lib turgan fuqarolardan migratsiya qoidalariga rioya qilishni so‘ramoqda.

O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududida 30 kun muddatgacha bo‘lishlari mumkin. Biroq, bu davr mobaynida mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi.

Bundan tashqari, ishlash uchun borganlardan darhol ishlash va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish talab etiladi.

May oyi boshida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga tavsiya bilan chiqqandi.