Rossiyaning “Sushi Wok” (Суши Wok) yapon va pan-osiyo oshxonasi do‘konlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Kommersant” nashri tarmoq boshqaruvchi hamkori Konstantin Sagalovning “Business Giude” nashriga bergan intervyusida tayanib ma’lum qildi.

Sagalovning ta’kidlashicha, tarmoqning yaqin vaqt ichida Qozog‘istonga kirish rejalari bor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda u yerda yapon segmentida juda qimmat muassasalar yoki bitta tarmoqsiz va tizimsiz yetkazib berish, shu bilan birga yapon oshxonasiga talab juda katta.

“Rossiyada shunga o‘xshash manzara taxminan o‘n yil oldin kuzatilgan edi, shuning uchun bozor endi shakllanayotgan paytda Qozog‘istonga tezda kirishimiz kerak”, deydi Sagalov.

“Yana bir istiqbolli bozor — bu O‘zbekiston, u ham juda katta va faol rivojlanmoqda. Hozirda u yerda bir nechta shunga o‘xshash oshxonalar mavjud va bular asosan qimmat restoranlar bo‘lib, ular ommaviy iste’mol uchun emas. Bizning vazifamiz mahsulotimizni eng keng iste’molchiga taqdim etishdir, bu „Sushi Wok“ konsepsiyasiga asoslanadi” — dedi u.

Shuningdek, Sagalov Turkiyaga kirish imkoniyatini ham jiddiy o‘rgangani, ammo mahalliy qonunchilikda qiyinchiliklarga duch kelganini qayd etdi.

Sushi Wok — yapon va pan-osiyo taomlarini taklif qiluvchi xalqaro do‘konlar tarmog‘i bo‘lib, faoliyatini 2011-yilda boshlagan. Tarmoqning markaziy ofisi Sankt-Peterburgda joylashgan. Hozirgi kunda Rossiyada va chet elda tarmoqning 775 dan ortiq filiallari mavjud.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Dut” lounj-barlar tarmog‘i Toshkentda o‘zining birinchi filialini ochgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston Rossiya va Belarusdan keyin xalqaro tarmoq faoliyat yuritayotgan uchinchi davlatga aylandi.