Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi Xitoy kompaniyasi ByteDance’ga qarashli TikTok xizmatini yevropalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini go‘yoki Xitoyga uzatgani uchun 500 mln yevro miqdorida jarimaga tortmoqchi. Bu haqda Bloomberg agentligi manbalarga asoslanib xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, jarima solish to‘g‘risidagi qaror aprel oyi oxirigacha qabul qilinadi. Ehtimoliy sanksiyalarga sabab xizmat tomonidan Yevropa Ittifoqining shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish reglamentini buzish bo‘yicha o‘tkazilgan tergov bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, bu jarima Irlandiya regulyatori tomonidan qo‘llanilgan eng yirik jarimalar orasida uchinchi o‘rinni egallashi mumkin.

Ilgari Meta korporatsiyasi 1,2 mlrd yevro, texnologiya giganti Amazon esa 746 mln yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi.

TikTokning o‘zi ham avvalroq voyaga yetmaganlarning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashdagi taxminiy qoidabuzarliklar uchun regulyatordan 345 mln yevro miqdorida jarima olgan.

Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi muntazam ravishda yirik raqamli xizmatlarni Yevropa Ittifoqining maxfiylik qoidalarini buzganligi uchun jarimaga tortadi.

Komissiya Apple, Google, TikTok va boshqa raqamli gigantlarning Yevropadagi bosh qarorgohlari Irlandiyada joylashganligi sababli ularning faoliyatini nazorat qiladi.

Hozirgi vaqtda regulyator mashhur raqamli kompaniyalarga nisbatan o‘nlab tekshiruvlar olib bormoqda.


Avvakroq Spot Amazon TikTok’ni sotib olish uchun ariza topshirgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniyaning taklifi keltirilgan maktub AQSh vitse-prezidenti va savdo vaziriga yo‘llangan.