O‘zbekistonda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ishtirokida 23 ta yangi loyihani amalga oshiradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2025 yil 6−7 may kunlari Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 58-yillik yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarligida ishtirok etdi.
Tashrifning asosiy natijasi — 2025−2026 yillar davomida OTB Boshqaruvchilar kengashi raisi vakolati O‘zbekistonga o‘tishi haqida rasmiy e’lon qilinishi bo‘ldi va Jamshid Xo‘jayev Kengash raisi sifatida tasdiqlandi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi 2026 yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi haqida yakdil qaror qabul qilindi.
Tadbir doirasida 2025−2026 yillar uchun umumiy qiymati $3,6 mlrd bo‘lgan 23 ta yangi loyihani amalga oshirish dasturi imzolandi.
Loyihalar ta’lim, ichimlik suvi ta’minoti, transport va moliyaviy-texnik yordam sohalari kabi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Avvalroq Spot OTB O‘zbekistonga ipotekani qayta moliyalashtirish uchun yana $30 mln ajratishi haqida yozgandi.
Xotin-qizlar uchun ipoteka kreditlari va “yashil” renovatsiyani qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish rejalashtirilgan.