Xitoy kompaniyasi Farg‘onada suv resurslarini tejash va suv taʼminoti tizimlarini raqamlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Xitoyning Inspur Smart Industry Group Co.,Ltd kompaniyasi vakillari o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar Farg‘onada “aqlli” suv hisoblagichlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Kompaniya vakillariga ko‘ra, 4G tarmog‘ida ishlovchi “aqlli” hisoblagich masofadan turib boshqariladi, suvdan qarzdorlik bo‘lsa avtomatik tarzda o‘chadi.

Bunday qurilma orqali suvning sarfi suv taʼminotida ham ko‘rinadi va shaffoflik ta’minlanadi. Mazkur loyiha “aqlli” suv hisoblagichlarini ishlab chiqarishda “Farg‘ona tajriba"si bo‘lishi qayd etildi.

Shuningdek, ishlab chiqarishda mahalliylashtirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Loyihani sanoat texnoparkiga joylashtirish hamda hududning imtiyozlari haqida maʼlumotlar berilishi taʼkidlandi.

Yakunda kelishuvlarni amalga oshirib, loyihani jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025−2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi tasdiqlangandi. Dastur natijasida beton qoplamali kanallar ulushi hozirgi 39% dan 47% ga yetishi, irrigatsiya tarmoqlarining sifati oshib, yo‘qotishlar kamayishi kutilmoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonning Suv kodeksi tasdiqlangani haqida yozgan edi.