Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusida o‘tayotgan yuqori darajadagi uchrashuv ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston yetakchisi Nizomiy Ganjaviy nomidagi markazning xalqaro kun tartibidagi masalalarni o‘rganishdagi faol ishtiroki alohida eʼtiborga loyiqligini taʼkidlagan. Davlat rahbari Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lashda strategik ko‘prik vazifasini bajarib kelayotganini alohida qayd etdi.

“Bugungi forumda ko‘plab vakillari ishtirok etayotgan Yevropa bilan munosabatlarimiz o‘zining mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshidan kechirayotganini qayd etmoqchiman”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yaqin oylarda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishini maʼlum qildi.

“Biz Yevropa Ittifoqi va boshqa sheriklarimiz bilan birgalikda samarali transport-logistika va energetika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni davom ettiramiz. Ishonamizki, ushbu chora-tadbirlar mintaqamizning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi xab sifatidagi rolini qayta tiklash imkonini beradi”, deya qo‘shimcha qilinadi murojaatda.

Joriy yilning aprel oyida Samarqandda o‘tkazilgan sammit yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida qo‘shma deklaratsiya qabul qilingandi. YI O‘zbekiston va Tojikiston bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlarni imzolashni, Qozog‘iston bilan esa ichki tartib-qoidalar yakunlangandan so‘ng viza rejimini soddalashtirish va readmissiya haqidagi ikkita kelishuv bo‘yicha muzokaralarni boshlashni maqsad qilmoqda.

Yil boshida Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda suv ta’minoti hamda chorvachilikni yaxshilashga 12 mln yevrodan ortiq mablag‘ ajratishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq, Spot O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari yagona badal asosida pensiya olishlari mumkinligi haqida xabar bergandi. Tomonlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha bitim hamda uni amalga oshirishga oid ma’muriy kelishuv loyihasini kelishib oldilar.