Markaziy bank Amerika obligatsiyalariga qo‘shimcha ravishda rivojlangan davlatlar obligatsiyalarini ham sotib olishga ruxsat berdi. Bu haqda 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda regulyatorning Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishni yuqori likvidliligi tufayli AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olishdan boshlagan.
“Kelgusida biz boshqa rivojlangan mamlakatlarning qimmatli qog‘ozlarini ham ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Sanjar Valiyev.
Markaziy bank departamenti direktori Spot muxbiriga bergan izohida regulyator xorijiy kompaniyalarning aksiyalarini emas, balki faqat davlat obligatsiyalarini sotib olishni ko‘rib chiqishi mumkinligini ta’kidladi.
2024-yil may oyida Markaziy bank tarixda birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga $35 mln miqdorida investitsiya kiritdi. Jahon banki ko‘magida zaxiralarni diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi. Oktabr oyida regulyator $65 mlnlik AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib oldi, o‘tgan yil yakuni bilan esa ularning hajmi $101 mlndan ortiqni tashkil etdi.
Yanvar oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov AQSh davlat obligatsiyalarini sotib olishni davom ettirish rejalari haqida ma’lum qilgandi. Oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun regulyator kriptovalyutalarni sotib olish imkoniyatini istisno qilgan holda risksiz aktivlarga investitsiya kiritadi.
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari avgust oyida yangi tarixiy rekordni o‘rnatdi. Xalqaro aktivlar hajmi $1,34 mlrdga oshib, $50 mlrddan oshdi. Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati ham birinchi marta $40 mlrddan oshib, ketma-ket ikkinchi oy mutlaq maksimum yangilandi. Bu qimmatbaho metall narxining oshishi va oltin zaxirasining ko‘payishi hisobiga kuzatildi — 11,7 mln dan 11,8 mln troya unsiyasigacha.
Shu bilan birga, valyuta zaxiralari $49,3 mlnga kamaydi. Ularning hajmi sentabr oyi boshida $9,5 mlrddan past bo‘lib qoldi. Qimmatli qog‘ozlar (AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari) qiymati $4,2 mlnga oshib, $1,016 mlrdga yetdi.
Avvalroq Spot Markaziy bank kriptovalyutani oltin-valyuta zaxiralariga sotib olish g‘oyasini rad etgani haqida yozgandi.