Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida gazdan noqonuniy foydalanildi. Bu haqda Hududgaztaʼminot matbuot xizmati xabar berdi.
G.O.O. korxonasiga qarashli AGTKShda xatlov o‘tkazilganda, gaz hisoblash uskunasiga o‘rnatilgan bir martalik tamg‘a uzilganligi aniqlandi.
Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 9,75 mlrd so‘m zarar hisoblandi.
Holatga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
Joriy yilning aprelida Qoraqalpog‘istonda 3,4 mlrd so‘mlik, Navoiyda 26 mlrd so‘mlik hamda Farg‘onada 4,1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan “zapravka"lar aniqlangandi.
Avvalroq gaz quyish shoxobchalari uchun UGaz tizimi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.