O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket to‘rt kunlik pasayishdan keyin ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
29-oktabr, juma kuni regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 025,22 so‘m etib belgiladi. Savdo kuni davomida kurs 34 so‘m 69 tiyinga oshdi.
Bir kun oldingi savdolarda kurs 11 990,53 so‘mgacha arzonladi. Bu 2023-yil 10-avgustdagi so‘mning keskin qadrsizlanishidan keyingi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
Dollar joriy oyda to‘rt marta ikki yil oldingi minimal qiymatlarni yangiladi. 6-oktabr kuni kurs 12 022 so‘mga, 21-oktabrda 12 011 so‘mga hamda 28-oktabr kuni 12 004 so‘mga tushdi.
Sentabr oyida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov regulyator almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirganini aytgandi. U bu bozor ishtirokchilarida kutilmalarning to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, yanvar-sentabr oylarida mamlakat ichki bozorida xorijiy valyutaga talab 23,5% ga oshib, $42,67 mlrd, taklif esa 24% ga oshib, $34,4 mlrdga yetdi. Aholi banklarga xaridga nisbatan $6,7 mlrddan ortiq valyuta sotdi.
Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov so‘m mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini qisqarganini maʼlum qilgandi: davlat tashqi qarzi bo‘yicha 1,3 trln so‘m, korporativ qarz bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mlik mablag‘lar tejalgan.
