Turkiyaning Heyal Holding kompaniyasi Farg‘ona viloyatida maxsus sanoat zonasi tashkil qiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Heyal Holding kompaniyasi ta‘sischisi Vaxdettin Heyal va kompaniya arxitektorlari bilan uchrashdi. Unda kompaniya tomonidan Quva tumanida sanoat zonasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yirik loyiha uchun $350 mln investitsiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Maxsus zonada 15 dan oshiq loyihalar joylashtiriladi. U yerda do‘konlar, shourumlar, konferensiya zallari, mehmonxonalar, savdo markazlari va yana qator yirik inshootlar o‘rin oladi.
Ishlab chiqarish binolari ko‘p qavatli va “aqlli tizim” asosida tashkil etiladi. Elektr energiyasidan unumli foydalanish maqsadida quyosh panellari o‘rnatiladi, ekologik tozalikni ta‘minlash uchun chiqindilar qayta ishlanadi.
Shuningdek, loyiha doirasida kasbga tayyorlash markazi tashkil etilib, mahalliy mutaxassislar tayyorlanadi. Uchrashuvda dastlabki loyiha bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Yaqin kunlarda Farg‘onaga malakali mutaxassislar tashrif buyurib, loyihalarni birga tayyorlash va ishlarni boshlash rejalashtirilmoqda. Tomonlar o‘zaro xalqaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladi.
Bundan tashqari, Xayrullo Bozorov 30 ga yaqin turk kompaniyalari va ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashdi. Muloqotda sanoat, avtomobilsozlik, energetika, zargarlik, qurilish, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, ta‘lim, tibbiyot, turizm, kino va yana qator yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari borasida fikr almashildi.






Aktiv Group kompaniyasi direktori Mehmet Nükte Farg‘onada mehmonxona qurish va mebelchilik yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Aydin Gold rahbari Ibrahim Aydin bilan esa zargarlik sanoati bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.
Avtomobil sanoati uchun yoqilg‘i boklari ishlab chiqaruvchi Smtr Group kompaniyasi rahbariyati bilan suhbatda Farg‘onada ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Qadoqlash mashinalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Seyhan Ambalaj Makina kompaniyasi bilan Quva logistika markazida mazkur liniyani tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Poyabzallar ishlab chiqaruvchi Cabani Shoes kompaniyasi tomonidan Farg‘onada ham savdo do‘koni ochish taklifi bildirildi.
Muloqotlar yakunida hududlararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish borasida ham kelishuvlarga erishildi, memorandumlar imzolandi.
Xususan, Farg‘ona viloyati hokimligi va ADK Group Elektrik San o‘rtasida qiymati $10 mln bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish loyihasi doirasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Oktabr oyida Heyal Holding kompaniyasi Farg‘ona shahrida zargarlik korxonasi va ushbu soha uchun o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Spot, avvalroq, China Everbright kompaniyasi Farg‘onada chiqindi yoqish zavodi qurilishini boshlagani haqida yozgandi.






