Daniya hukumati 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash rejasini e’lon qildi, deya xabar berdi Reuters nashri.

Faqat 13 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun istisno ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda ota-onalarning yozma roziligi talab etiladi.

Ushbu qadam bosh vazir Mette Frederiksenning o‘tgan oyda parlamentdagi kirish nutqida yoshlarning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga cheklovlar qo‘yish haqidagi chaqirig‘idan keyin amalga oshirildi.

“Ijtimoiy tarmoqlar deb ataluvchi tizimlar bolalarimizning vaqtini, bolaligini va farovonligini o‘g‘irlash orqali rivojlanmoqda, va biz bunga chek qo‘yamiz,” — dedi raqamlashtirish vaziri Kerolayn Steydj Olsen.

Parlamentdagi ko‘pchilik partiyalar rasmiy ovoz berishdan oldin ushbu rejani qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Daniyada bolalar orasida eng ko‘p foydalaniladigan platformalar Snapchat, YouTube, Instagram va TikTok ekan.

Daniya Raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi joriy yilning fevral oyida o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu mamlakat yoshlari kuniga o‘rtacha 2 soat 40 daqiqasini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda.


Avvalroq Spot Norvegiya hukumati ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun yosh cheklovlari kuchaytirilishi, minimal yoshni 13 yoshdan 15 yoshgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Norvegiya bosh vaziri Jonas Gahrning so‘zlariga ko‘ra, bu “bolalar ongini” texnogen gigantlar algoritmlarining salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.