Shavkat Mirziyoyev Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish bo‘yicha farmonni imzoladi.
Kengash O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSh prezidenti vakili hamraisligida tuziladi. Administratsiya rahbariga O‘zbekiston tomonidan Kengash tarkibini, uning reglamentini va faoliyati tartib-taomillarini tasdiqlash vakolati berildi.
Kengashga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan bir qator masalalarni ishlab chiqish ustuvor hisoblanadi. Jumladan:
- strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalari ishlab chiqilishi va kelishilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, ular amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish;
- O‘zbekistonga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini yaratish, yirik investorlar sifatida Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC)ni va O‘zbekiston tomonidan ham investorlarni belgilash, shuningdek, muhim infratuzilmaviy va strategik loyihalarni moliyalashtirish va xatarlarni taqsimlash uchun yirik moliya institutlarini (YETTB, XMK, OTB) jalb qilish;
- tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish;
- IT-park rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlarini tizimli ravishda ilgari surish;
- mamlakatning investitsiya portfelini, shu jumladan, Markaziy bank valyuta zaxirasining bir qismini va boshqa aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar kiritish.
2026-yildan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi — prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi kiritiladi.
Maslahatchi-elchi faoliyatida O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga masʼul hisoblanadi.
Uning zimmasiga O‘zbekiston va AQShda yirik hamda strategik investitsiya, savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish yuklatildi. Shuningdek, maslahatchi-elchi O‘zbekiston tomonidan Kengash ishini kompleks muvofiqlashtiradi.
Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birga AQShda qo‘shimcha konsulliklar ochish masalasini ishlab chiqadi.
Bunda geografik qamrovni taʼminlash uchun kontingentga AQSh tarmoqlarining asosiy xablari bilan ishlovchi xodimlar va mutaxassislar kiritiladi. Shu bilan birga, vatandoshlar yirik diasporalari eng ko‘p to‘plangan hududlar (Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlari) hisobga olinadi.
Yangidan tashkil etilayotgan konsulliklarga AQShning barcha shtatlarida yashab kelayotgan o‘zbek diasporalari bilan samarali hamkorlik modelini ishlab chiqish vazifa etib belgilanmoqda.
2026-yildan boshlab xorijiy korxonalar ustav fondini shakllantirish uchun AQShdagi investitsiya faoliyati bo‘yicha operatsiyalar cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Ular O‘zbekistondagi banklardagi rezidentlar hisoblaridagi mablag‘lar doirasida, AQShdagi filiallarni aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish orqali bajariladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va AQSh qanday kelishuvlar imzolagani haqida yozgandi.
