Toshkent viloyati hokimligi AQShda birinchi vakolatxonasini ochdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokim Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya shu hafta Florida shtatida bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. 10-noyabr kuni mehmonlar Becker & Poliakoff konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Mirzayev kompaniyaning Vashingtondagi lobbichilik ofisi boshqaruvchisi Omar Frankoga Toshkent viloyatining investitsiya imkoniyatlarini taqdim etdi. Hamkorlik Amerika biznesi uchun O‘zbekiston bozori salohiyatini ochish imkonini berishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng mehmonlar Tampadagi Holland & Knight yuridik firmasi ofisida muzokara o‘tkazdi. Kompaniya agrar va texnologik sektor, IT va boshqa sohalarda O‘zbekiston manfaatlarini ilgari surish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, delegatsiya Florida shtatidagi Gollivud shahrida bo‘lib, mahalliy biznes forumida ishtirok etdi. Gollivud meri Josh Levi mehmonlarga kurort shaharning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati, mehmonxona, transport va kichik biznes sohasidagi tajribasi haqida so‘zlab berdi.

Biznes-forumdan so‘ng Mirzayev va delegatsiya aʼzolari amerikalik tadbirkorlar bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazib, ularni hamkorlikka chorladi. Qabul qiluvchi tomon O‘zbekistondagi loyihalar va islohotlarga qiziqish bildirdi, deyiladi hokimlik xabarida.

Navruz International AQSh Milliy supermarketlar assotsiatsiyasi va Mango Tree tarmog‘i bilan shartnoma imzoladi. Kompaniya $100 mlnlik meva sharbatlari va energetik ichimliklar yetkazib berishga kelishib oldi.

Gollivud shahrida Toshkent viloyatining vakolatxonasi ochildi. U mintaqadagi sayyohlik va madaniy salohiyatni AQShda targ‘ib qiladi, shuningdek, AQSh va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasida muzokaralar tashkil etadi.

Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida yozgandi.