O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb $16 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning o‘n oy yakunlari bo‘yicha Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $15,8 mlrd miqdorida valyuta mablag‘lari kelib tushdi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 25% yoki $3,2 mlrdga ko‘p.
Bunda, transfertlar miqdori ketma-ket ikki oylik pasayishdan keyin, oktabr oyida biroz oshdi — $1,86 mlrd. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan o‘sish 36,8% bo‘ldi. Joriy yilning avgust oyida pul o‘tkazmalari hajmi $1,9 mlrd (+22,6%), sentabrda esa $1,84 mlrd (+25,2%) ni tashkil etgan.

Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan $2,2 mlrd chiqib ketgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan $147 mlnga kamaydi.
Markaziy bank 2026-yilda xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 6−10% ga, o‘rta muddatda esa 8−12% ga o‘sishini prognoz qilmoqda. Regulyator o‘sishni xorijiy valyutalar kursi dinamikasi, mehnat migrantlariga bo‘lgan yuqori talab va migratsiya yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohladi.
Birinchi yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetdi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.
Mablag‘larning 78%i — $6,4 mlrdi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda dollarning so‘mga nisbatan kursi qariyb 4 so‘mga oshib, 11 914,67 so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.
