Ekologiya qo‘mitasi Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi bir nechta korxona yopilganini ma’lum qildi.

Ekologiya nazorati inspeksiyasi xodimlari prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Niyozboshi qishlog‘ida reyd o‘tkazdi. U Yangiyo‘l yaqinida, poytaxtdan 10 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan.

Tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan “ayrim xususiy korxonalar"da qurilish materiallari ishlab chiqarishda polietilen va chiqindilar yoqib yuborilgani aniqlangan.

Bu esa atmosferaga zararli moddalar chiqarilishiga olib keldi va mahalliy aholi salomatligiga xavf tug‘dirdi, deyiladi xabarda.

Ishchi guruh “zudlik bilan” obyektlar faoliyatini to‘xtatdi. Hozir Ekologiya qo‘mitasi atrof-muhitga yetkazilgan zararni baholamoqda.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, kompaniya egalariga nisbatan “qonunchilikka muvofiq” choralar ko‘riladi. Nazorat tadbirlari davom ettiriladi, deyiladi qo‘mita xabarida.

24−25-noyabr kunlari tezkor guruhlar Toshkent shahri va poytaxtga yaqin joylashgan uchta tumandagi issiqxonalar hamda boshqa korxonalarda tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 34,8 mln so‘mlik jarimalar qo‘llanildi, shuningdek, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli 18 ta obyekt vaqtincha yopildi.


Avvalroq Spot Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalar gaz bilan ta’minlanishi haqida yozgandi.

Shundan keyin ham shina, bitum, mazut va rezinadan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilib, isitish qozoni musodara qilinadi.