O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Saudiya Arabistonidagi ishlarga jalb qilinadi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistonining Health Resources Company kompaniyasi o‘rtasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Hujjat mamlakatda o‘rta tibbiyot xodimi sifatida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklarni qonuniy, xavfsiz va shaffof tartibda ishga joylashtirishga qaratilgan.
Noyabr oyi avvalida Migratsiya agentligi Saudiya Arabistonidagi tibbiyot klinikalari uchun bo‘sh ish o‘rinlarini eʼlon qilgandi. Talabgorlar uchun asosiy shart sifatida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishidagi bakalavr darajasi yoki o‘rta-maxsus tibbiy diplomga ega bo‘lish belgilangan.
Saudiya Arabistonida ishlash istagida bo‘lgan, tibbiyot sohasida bakalavr yoki o‘rta-maxsus maʼlumotga ega, kamida 1 yil tajribasi bor, 45 yoshgacha bo‘lgan erkak va ayollar suhbatda qatnashishi mumkinligi maʼlum qilingan.
Ish haqi $1000 — $1500 miqdorida bo‘lib, xodimning malakasiga qarab ko‘proq to‘lanishi mumkin. Ish jadvali haftasining 6 kuni, kuniga 8 soatdan tashkil topadi. Xodimlar uchun turar joy ish beruvchi tomonidan taʼminlanadi.
Shuningdek, aviabilet xarajatlari qoplanadi, ishchi vizasi rasmiylashtiriladi hamda tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan taʼminlanadi.
Agentlik ishlash istagini bildirib, ariza qoldirgan 887 nafar nomzodlardan suhbatga tayyor deb baholanganlar uchun ish beruvchilar ishtirokidagi tanlovlar boshlanganini maʼlum qildi. Suhbatlar 3−4-dekabr kunlari Andijon shahrida bo‘lib o‘tadi.
Oktabr oyida Italiya bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha besh yillik hamkorlik rejasi tuzildi. Unga muvofiq, 2026-yilda 3,5 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorlanishi rejalashtirilgan.
HRCO — Saudiya Arabistonining sog‘liqni saqlash tizimini markazlashgan tarzda boshqarish bo‘yicha tashkiloti. Kompaniya HR operatori sifatida, mamlakatdagi barcha davlat tibbiyot muassasalari uchun yagona kadrlar siyosatini ishlab chiqish va boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Spot, avvalroq, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun qator imtiyozlar joriy etilishi haqidsa yozgandi.
