Farg‘ona turistik-rekreatsion zonasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, turistik zona umumiy 2 396 gektar maydonda tashkil etiladi. Turistik zona faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi.

Farg‘ona tumanida “Vodil” malina agroturizm klasterini turistik obyektga aylantirish uchun zarur infratuzilma yaratiladi.

Salohiyatli tadbirkorlarni jalb etgan holda malina bog‘lari (plantatsiyalari) hududida yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil qilinadi.

2026−2027-yillarda Yozyovon tumani Markaziy Farg‘ona suv ombori atrofidagi yer maydonlarida turizm xizmatlarini tashkil qilish orqali ish o‘rinlari yaratiladi.

Farg‘ona tumani “Sanoat” va “Hosilot” MFY hududlarida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida malina plantatsiyalari barpo etiladi.

Shuningdek, muzlatkichlar hamda chuqur qayta ishlash sexlari qurilib, agroturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.


Avvalroq milliy turizm yagona platformasi Booking va Agoda bilan integratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi.