2026-yil boshidan beri O‘zbekistonda 1 mlrd kVt/soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

13-fevral kuni soat 12:30 holatiga ko‘ra, mamlakatdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 1 mlrd kVt/soatga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 40% ga — 400 mln kVt/soatga ko‘p.

Elektr energiyasining asosiy qismi — 604 mln kVt/soati jami 5 ta shamol elektr stansiyalari tomonidan olingan. Mavjud 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “yashil” energiya hajmi esa 396 mln kVt/soatni tashkil etdi. Ularning umumiy quvvati — 5 582 megavatt.

Quyosh va shamol elektr energiyasi hisobidan 267 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 575 ming tonnadan ortiq zararli moddalar chiqishining oldi olindi.

Bundan tashqari, yil boshidan buyon O‘zbekistondagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari jami 1,57 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

Vazirlikning qayd etishicha, buning hisobiga 400 mln kub metr tabiiy gaz tejalgan, atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 863 ming tonnadan ortiq zararli moddalar oldi olingan.

“Yashil” energiya hajmi o‘rtacha 5 mln xonadonning bir yarim oylik yoki 625 mingta xonadonning bir yillik me’yoriy bazasini tashkil etadi.

O‘zbekistonda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,38% ga oshib, 86,7 mlrd kVt/soatga yetdi. Iste’molchilarga yetkazib berish hajmi esa 14% ga o‘sib, 77 mlrd kVt/soatdan oshdi.

Gidroenergetikani hisobga olgan holda “yashil” generatsiya 16,8 mlrd kVt/soatni tashkil etdi (+29%). Quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishi 2,1 barobarga oshib, ilk bor 10,5 mlrd kVt/soatdan oshdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan 3,2 mlrd kub metr gaz tejalib, 4,7 mln tonna zararli chiqindilar atmosferaga chiqarilishining oldi olindi.

Avvalroq ehtiyojmand oilalar uylari energiya tejamkor qilib taʼmirlanishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun jami 200 mlrd so‘m ajratiladi. Jarayonlar dastlab sinov tariqasida Navoiy viloyatida boshlanadi.