O‘zbekiston-Iordaniya Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuv Islom savdo va taraqqiyot palatasi (ICCD) Bosh assambleyasining 41-yig‘ilishi doirasida imzolangan.
Hujjat O‘zbekiston SSP raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov hamda Iordaniya Savdo palatasi raisi, senator Xalil Muhammad El-Haj Tavfiq tomonidan imzolandi.
Mazkur kengash ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. U savdo missiyalari va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun doimiy platforma vazifasini bajaradi.
Kengash doirasida farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, energetika, logistika, moliya va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Bu esa qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, investitsiyalarni jalb etish va O‘zbekiston tadbirkorlarining Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston-Avstriya qo‘shma ishbilarmonlar kengashi tuzilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

