Markaziy Osiyoning ombor ko‘chmas mulk bozori rivojlangan iqtisodiyotlar o‘n yil avval bosib o‘tgan bosqichni boshdan kechirmoqda: past baza, o‘sib borayotgan talab va institutsional qiziqishning dastlabki belgilari. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Central Asia Warehouse Summit 2026 (CAWS) doirasida taqdim etilgan IBC Global kompaniyasining tahlilida aytiladi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Ombor bozori ancha oldin rivojlana boshlagan bozorlar bilan taqqoslash mavjud tafovut qanchalik katta ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Bunda asosiy ko‘rsatkich — aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ombor maydonlari bilan ta’minlanganlik — Markaziy Osiyo mamlakatlarida ahamiyatsizligicha qolmoqda. Hisob-kitobda faqat A va B klassidagi omborlar, ya’ni investitsiya obyekti sifatida qarash mumkin bo‘lgan sifatli ombor ko‘chmas mulki inobatga olinadi.

logistika, omborlar, sammit

Mintaqaviy bozorda Qozog‘iston va O‘zbekiston allaqachon yetakchi o‘rinlarni egallab, ko‘rsatkichlarini oshirib bormoqda. Hisobotda ularning “ombor hajmlarida deyarli hukmronlik qilayotgani va ushbu aylanmani oshirayotgani” qayd etildi.

logistika, omborlar, sammit

“Bu investitsiyalar kelganidan, developerlar aynan shu yo‘nalishda moliyaviy model qanchalik samarali ekanligini tushunib yetganlaridan va o‘zlari uchun istiqbol ko‘rayotganlaridan dalolat beradi. Developerlar logistika va ko‘chmas mulk sohalaridan, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ishtirokchilar orasidan kelmoqda”, — dedi hisobot taqdimotida IBC Global kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Roman Pak.

Shu bilan birga, bozor shakllanish bosqichida qolmoqda. Pak tan olganidek, e’lon qilingan loyihalarning ko‘pligiga qaramay, ularning bir qismi “turli omillar tufayli yakuniga yetkazilmaydi, foydalanishga topshirilmaydi”. Biroq logistika maydonlariga bo‘lgan qiziqish yuqori: “aynan logistika va ombor yechimlari yo‘nalishida yer uchastkasini o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqish yetarlicha katta”.

O‘zbekiston ushbu konfiguratsiyada maksimal demografik va iste’mol salohiyatiga ega bozor sifatida ko‘rinadi: mamlakat eng yosh aholiga ega va soni bo‘yicha Qozog‘istondan deyarli ikki barobar ko‘pdir. “Shu bilan birga, ombor fondi ancha kichik. Va menimcha, aynan shu omil mintaqada o‘sish istiqbolini ko‘rsatib beradi”, — deb ta’kidladi Pak.

logistika, omborlar, sammit

“Shuni tushunish kerakki, bu foiz bozorning aniq spekulyativ maydonlari hisobidan shakllanadi. O‘z obyektlarida mas’uliyatli saqlash bilan shug‘ullanadigan 3PL-operatorlar bu hisobga kirmaydi. Bu yerda faqat bugungi kunda ijaraga olish mumkin bo‘lgan bozorning sof maydonlari nazarda tutilgan”, — deya Pak omborxonalardagi 1,5% lik bo‘sh joylar ulushiga izoh berdi.

Qozog‘iston bozori bilan solishtirganda, bo‘sh maydonlar dinamikasi ancha past va bu O‘zbekistondagi taklif talabga nisbatan ancha sekinroq o‘sayotganidan dalolat beradi. O‘zbekistonda ijara stavkalari aynan shu taqchillik sharoitida shakllanmoqda. “$12 — bu muzokaralarning boshlang‘ich stavkasi”, — deb qayd etdi Pak va bitimlarning amaldagi shartlari indeksatsiya, shartnoma muddatlari va boshqa parametrlarga bog‘liq ekanligini aniqlashtirdi.

IBC Global baholashicha, mamlakatimizda rivojlanish uchun asosiy cheklovlardan biri yer uchastkalarining mavjudligi va ularning qiymati bo‘lib qolmoqda, bu esa “loyihaga kirish chegarasini oshiradi” va yangi obyektlarning ishga tushirilishini sekinlashtiradi. Kompaniya ekspertlarining fikricha, Qozog‘istonda vaziyat “bu borada biroz osonroq”, bu esa raqobatning o‘sishiga va maydonlar keng ko‘lamda foydalanishga topshirilgandan keyin bo‘sh joylar ko‘payishiga olib keldi.

logistika, omborlar, sammit

O‘z navbatida, O‘zbekistonda developerlik iqtisodiyoti bosqichma-bosqich standartlashmoqda. Maydoni 20 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan quruq omborni qurishning o‘rtacha tannarxi bir kvadrat metr uchun taxminan $667 deb baholanmoqda (yer uchastkasi qiymatisiz).

“Va bu yerda shuni tushunish juda muhimki, sifatli ombor majmuasi $300−400 turmaydi, xuddi shuningdek, uning narxi $900 yoki $1000 bo‘lishi ham mumkin emas. Bu ham me’yoriy holat emas. Bu summaga nimalar kirishini hamda tejamkorlik va sifatni yo‘qotish o‘rtasidagi chegara qayerdan o‘tishini aniq bilish kerak”, — deya ta’kidladi Kim.

logistika, omborlar, sammit

Bozorning asosiy drayveri elektron tijorat bo‘lib qolmoqda: marketpleyslar tendensiyani allaqachon, hatto “kovid davridan” beri belgilab kelmoqda. Onlayn xaridlar o‘sishi butun tarmoq tuzilmasini o‘zgartirmoqda: “bozor tarkiban o‘zgarmoqda”, bu esa nafaqat omborlarga, balki taqsimlash va saralash markazlari hamda yetkazib berishning yangi formatlariga bo‘lgan talabni ham yaratmoqda.

“Bu esa boshqa yo‘nalishlarda ham barqaror talabni yuzaga keltirib, butun sanoatni: mas’uliyatli saqlash operatorlari, distribyutsiya va oflayn yetkazib berish xizmatlarini rivojlanishga undaydi. Shu sababli, ayniqsa, aholimizning ancha yosh ekanligini hisobga olsak, bu bozor muqarrar ravishda o‘sib boradi”, — deya qo‘shimcha qildi Kim.

Ushbu material IBC Global kompaniyasi bilan axborot hamkorligi doirasida tayyorlandi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab bond omborlarini ishga tushirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.